Mahalliy

Toshkentning yangi aeroportiga Yaponiya banki mablagʻ ajratishi mumkin

Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasiga Yaponiya xalqaro hamkorlik banki - JBIC mablagʻlarini jalb qilish masalasi muhokama qilindi. Bank yaqin uch yilda Oʻzbekistondagi 14 ta, jumladan, transport sohasidagi ikkita loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Toshkentdagi yangi aeroport loyihasiga Yaponiya banki mablagʻ ajratishi mumkin

Transport vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, 7-oktabr kuni vazir Ilhom Mahkamov JBIC katta boshqaruvchi direktori, direktorlar kengashi aʼzosi Xiroki Sekine boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashgan.

Suhbat chogʻida transport sohasidagi loyihalar boʻyicha hamkorlikni kengaytirish hamda ularni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilingan.

Xiroki Sekine soʻnggi yillarda Oʻzbekistondagi loyihalarda ishtirok etishga qiziqish sezilarli darajada oshganini qayd etgan. U bankning kelgusi uch yil davomida respublikadagi 14 ta loyihani moliyalashtirishda qatnashish rejasini maʼlum qilgan.

Uchrashuvda ikki loyihaga alohida eʼtibor qaratilgan: «Oʻzaeronavigatsiya markazi» ehtiyojlari uchun havo harakatini boshqarish tizimlarini yetkazib berish hamda Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish.

Tomonlar ushbu loyihalarning amaldagi holati va ularga JBIC mablagʻlarini jalb qilish masalalarini muhokama qilgan. Rasmiy xabarda moliyalashtirish hajmi yoki kredit bitimi imzolanganiga doir maʼlumot keltirilmagan.

Uchrashuv yakunida hamkorlikdagi transport loyihalarini tezlashtirish va istiqboldagi loyihalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.