Incheon Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda

Incheon Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda
Shavkat Mirziyoyev Seulga tashrifi doirasida Shinhan Financial Group, KIND hamda Incheon International Airport Corporation vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shinhan Financial Group raisi Jin Ok Dong bilan bo‘lgan uchrashuvda moliyaviy hamkorlikni kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash, shuningdek qayta tiklanuvchi energetika va sanoat yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tijorat banklariga kredit liniyalari ajratish bo‘yicha kelishuv imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatda Shinhan Bank’ning sho‘ba bankini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yangi moliyalashtirish instrumentlari va “yashil” kreditlarni jalb qilish, shuningdek raqamli banking hamda kichik va o‘rta biznes uchun maxsus yechimlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
KIND korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Kim Bok Xvan bilan suhbatda esa O‘zbekiston transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishdagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar qo‘shma investitsiya platformasi tashkil etilganini olqishladi.
Yangi ilmiy-sanoat bioklasterini yaratish loyihasi doirasida ilm-fan, sanoat va zamonaviy texnologiyalarni birlashtiruvchi yaxlit ekotizimni shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar Toshkentning yangi xalqaro aeroporti atrofidagi hududni rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish, unda aeroport, ilg‘or logistika xablari va turar joy infratuzilmasini yagona tizimga birlashtirish zarurligini qayd etdi.
Incheon International Airport Corporation prezidenti vazifasini bajaruvchi Kim Bom Xo bilan uchrashuvda Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihalarini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Kompaniyaning Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Uning negizida aeroportlarni boshqarish, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha kompetensiyalar markazini tashkil etish taklifi bildirildi.
Koreya tomoni qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirokini davom ettirish, aeroportlarni boshqarish sohasida ilg‘or tajriba va texnologiyalarni joriy etish hamda O‘zbekiston bilan uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga tayyorligini ta’kidladi.
Bundan avvalroq prezident Lotte Group, Eksport-import banki, Hyundai Motor Group, Kia Motors va Hyundai Rotem kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

