Toshkentning ikki tumanida gaz taʼminoti vaqtincha oʻchiriladi

Toshkentning ikki tumanida gaz taʼminoti vaqtinchalik oʻchiriladi
Bugun, 9 oktyabr kuni Toshkentning Bektemir va Yashnobod tumanlarida gaz taʼminoti vaqtinchalik toʻxtatiladi. Cheklovlar soat 10:00 dan 18:00 gacha amal qiladi. Bunga gaz uskunalarini koʻchirish va quvurlarni demontaj qilish ishlari sabab boʻlgan.
«Hududgaz Poytaxt» xabariga koʻra, Bektemir tumanida mutaxassislar «Oltintopgan» mahallasi Zargar koʻchasidagi gaz taqsimlash punkti va oʻrta bosimli gaz quvurini xavfsiz joyga koʻchirishadi.
Zargar, Oltintopgan, Sadovaya, Tenistaya, Ozernaya, Vishnevaya va Solnechnaya koʻchalaridagi 340 ta xususiy xonadon vaqtinchalik gazsiz qoladi. Cheklovlar, shuningdek, sakkizta ulgurji isteʼmolchiga ham taʼsir qiladi.
Yashnobod tumanida esa 7-sonli qozonxonaga boruvchi diametri 400 millimetrli oʻrta bosimli gaz quvurini demontaj qilish rejalashtirilgan.
Oʻchirish bir nechta mahalla va turar joy mavzelaridagi xususiy uylar hamda koʻp kvartirali binolarga taʼsir qiladi. Xususan, «Birlashgan», «Umid», «Maxmur» mahallalari va Aviasozlar-1, 2 va 4 mavzelaridagi 900 dan ortiq uy va kvartiralarda gaz taʼminoti vaqtinchalik toʻxtatiladi.
Bundan tashqari, cheklovlar 42 ta ulgurji isteʼmolchiga ham tegishli boʻladi.
Ishlar yakunlangach, gaz taʼminoti bosqichma-bosqich tiklanadi.

