Toshkentning bir yoʻla beshta tumani aholisi gazsiz qoladi

Toshkentning bir yoʻla beshta tumani aholisi gazsiz qoladi
Toshkentda 7 oktyabr kuni gaz tarmoqlarini 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash munosabati bilan shaharning beshta tumanida tabiiy gaz yetkazib berish vaqtinchalik cheklanadi. Cheklovlar soat 10:00 dan 19:00 gacha amal qiladi.
Cheklov eng koʻp Uchtepa tumaniga taʼsir qiladi. Bu yerda Sakkokiy, Xurshid, Zulfizar, Oʻtkir, Koʻrkamobod, Oʻrikzor, Koʻksaroy, Shaftolizor, Istirohat, Bekobod, Uchtepa, Foziltepa, Zarafshon, Qoziguzar, Diyorobod, Katta Qaʼni, Alsuguniy va Yangiyoʻl koʻchalari aholisi gazsiz qoladi.
Chilonzor tumanida esa oʻchirish «Beshqoʻrgʻon», «Bektoʻpi», «Bahoriston», «Guliston» va «Sharq tongi» mahallalariga taʼsir qiladi.
Cheklovlar, shuningdek, Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi «Choshtepa» mahallasiga ham daxl qiladi.
Bundan tashqari, vaqtinchalik oʻchirish Shayxontohur tumanidagi 13 ta yirik isteʼmolchini qamrab oladi.
Shuningdek, bir qator sanoat va tijorat obʼyektlari, jumladan, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari, korxonalar, kafelar, mehmonxona, Veolia issiqlik markazi va «GUPNPO Patron» zavodi gazsiz qoladi.
Ishlar yakunlangach, gaz yetkazib berish qayta tiklanadi.

