Toshkentning bir yoʻla toʻrtta tumani aholisi vaqtincha gazsiz qoladi

Toshkentning bir yoʻla toʻrtta tumani aholisi vaqtincha gazsiz qoladi
Bugun, 4 sentyabr kuni Toshkentning toʻrtta tumanida taʼmirlash va texnik ishlar sababli tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha toʻxtatiladi. Cheklovlar Sergeli, Bektemir, Yangihayot va Mirzo Ulugʻbek tumanlaridagi uylarning bir qismiga daxl qiladi.
Sergeli tumanida soat 10:00 dan 17:00 gacha «Qubaytepa» mahallasining Saʼdiy koʻchasida gaz oʻchiriladi. Cheklov 356 ta xususiy uy va 12 ta ulgurji isteʼmolchiga daxl qiladi. Mutaxassislar oʻrta bosimli gaz quvurini xavfsiz hududga koʻchirishadi.
Bektemir tumanida gaz yetkazib berish soat 10:00 dan 18:00 gacha «H. Boyqaro» mahallasining Yu. Chirchiq koʻchasida toʻxtatiladi. 12 ta xususiy uy va 2, 3 hamda 77-sonli uylardagi 116 ta xonadon, shuningdek, ushbu hududdagi ulgurji isteʼmolchilar vaqtincha gazsiz qoladi. Bu yerda mutaxassislar gaz taqsimlash punktini yangisiga almashtirishadi.
Yangihayot tumanida gaz soat 11:00 dan 16:00 gacha «Chortoq» mahallasining Gulzor-6 koʻchasida oʻchiriladi. Cheklovlar 38 ta xususiy uy va uchta ulgurji isteʼmolchiga daxl qiladi. Ishlar gaz taʼminoti tizimini uch bosqichlidan ikki bosqichliga oʻtkazish va gaz taqsimlash punktini demontaj qilish bilan bogʻliq.
Mirzo Ulugʻbek tumanida gaz yetkazib berish soat 10:00 dan 17:00 gacha toʻxtatiladi. «Alisherobod» mahallasidagi Anaybuloq, Alisherobod, Joʻshqin, Nihol, Yangi tong va Yangi avlod koʻchalarida joylashgan beshta koʻp kvartirali uy va 643 ta xususiy uy aholisi vaqtincha gazsiz qoladi.
Bundan tashqari, oʻchirish «Yangi Avayxon» mahallasining Qorasuv-6 mavzesidagi 42 ta koʻp kvartirali uydagi 2 769 ta xonadonga ham daxl qiladi. Koʻrsatilgan hududlarda jami 38 ta ulgurji isteʼmolchi bor boʻlib, vaqtinchalik cheklov ularga ham tegishli boʻladi.
Taʼmirlash va texnik ishlar yakunlangach, tabiiy gaz yetkazib berish tiklanadi. «Hududgaz Poytaxt» isteʼmolchilardan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻradi.

