Mahalliy

Toshkentliklarga parkovka uchun “qarzdorlik” haqida soxta xabarlar yuborilmoqda

Poytaxt Parking soxta SMS xabarlar haqida ogohlantirdi. Ularda parkovka uchun qarzdorlik borligi aytilib, xizmatlardan foydalanishni cheklash bilan tahdid qilinmoqda. Kompaniya bu kabi bildirishnomalarni yubormasligini ta’kidlab, ushbu xabarlardagi havolalarga kirmaslikka chaqirdi.

Toshkentliklarga parkovka bo‘yicha “qarzdorlik” haqida soxta xabarlar yuborilmoqda

Toshkentdagi pulli avtoturargohlar operatori Poytaxt Parking o‘z nomidan tarqatilayotgan soxta SMS xabarlar yuzasidan ogohlantirdi. Ularda parkovka uchun to‘lov qilish talab etilmoqda.

SMS’lar Filippin (+63) va Marokash (+212) xalqaro telefon kodlariga ega raqamlardan kelmoqda. Boshqa raqamlardan ham foydalanilayotgan bo‘lishi mumkinligi istisno qilinmaydi.

Xabarda abonentning parkovka uchun to‘lanmagan qarzdorligi borligi aytiladi. Parkovka sessiyasi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish va qarzni yopish uchun havolaga o‘tish hamda avtomobil davlat raqamini kiritish taklif etiladi. Xabardagi havola rasmiy sayt manzilini soxtalashtirgan bo‘lib, aslida u rasmiy emas.

Yuboruvchilar parkovka to‘lovi go‘yoki uch kunga kechiktirilgani va agar “qarzdorlik” uzilmasa, servis xizmatlaridan foydalanish cheklanishi bilan tahdid qilmoqda.

Poytaxt Parking kompaniyasi bunday xabarlarni yubormasligini ta’kidladi. Xabar oluvchilarga ularni o‘chirib tashlash, havolalarga kirmaslik hamda bank kartasi rekvizitlari va avtomobil raqamini kiritmaslik tavsiya etiladi. Agar karta ma’lumotlari allaqachon kiritilgan bo‘lsa, darhol bankka murojaat qilish va kartani bloklash zarur.

Parkovka to‘lovi statusini faqat Poytaxt Parking ilovasida tekshirish mumkin. Savollar yuzasidan kompaniya 78 113 67 00 telefoni yoki qo‘llab-quvvatlash botiga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.