Toshkentdagi yong‘inda halok bo‘lgan ayol qasddan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin
Toshkentning Uchtepa tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan yong‘inda 26 yoshli ayol vafot etdi. Voqea joyida uchta alohida yong‘in o‘chog‘i va qasddan o‘t qo‘yish alomatlari aniqlangach, prokuratura qasddan odam o‘ldirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkentdagi yong‘inda halok bo‘lgan ayol qasddan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi yong‘inda ayol vafot etgani yuzasidan qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.
Avvalroq poytaxt FVB 24-oktabr kuni soat 01:33 da Uchtepa tumani Yusuf Sakkokiy ko‘chasida joylashgan turar joy majmuasidagi xonadonda yong‘in chiqqani, u o‘chirilgach voqea joyidan bir nafar fuqaroning jasadi topilganini ma’lum qilgandi.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, hodisa joyida topilgan xonadonda yashab kelgan 26 yoshli ayol jasadining yelka sohasidan oyoq-son sohasigacha bo‘lgan qismida termik jarohatlar aniqlangan.
Shuningdek, oshxona, yotoqxona va mehmonxonada bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uchta yong‘in o‘chog‘i hamda qasddan o‘t qo‘yish alomatlari ham topilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Uchtepa tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

