Toshkentdagi sud 47-sonli avtobusda ayolga shilqimlik qilish bilan bogʻliq ish boʻyicha qaror chiqardi

Toshkentdagi sud 47-sonli avtobusda ayolga shilqimlik qilish boʻyicha ish koʻrib chiqdi
Toshkentda sud jamoat transporti yoʻlovchisiga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan erkakka 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinladi.
Hodisa poytaxtning Sergeli tumanida, 47-sonli yoʻnalishdagi avtobusda sodir boʻlgan. Ish materiallariga koʻra, fuqaro avtobusda ketayotgan ayolga shilqimlik qilgan va unga tegingan. Yoʻlovchi bunday harakatlarni toʻxtatishni va oʻzini munosib tutishni talab qilgan, biroq erkak shilqimlikni davom ettirgan.
Ishni jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudi koʻrib chiqdi. Majlisda huquqbuzar aybiga toʻliq iqror boʻlib, pushaymonligini bildirdi va bunday holat boshqa takrorlanmasligiga vaʼda berdi.
Sud erkakni Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 41-1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik) boʻyicha aybdor deb topdi. Unga nisbatan 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

