Mahalliy

Toshkentdagi qurilish maydonida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi

51 tup daraxt ruxsatsiz, noqonuniy yo‘q qilingan. Korxona 50 tup archa va 1 tup chinorni

Toshkentdagi qurilish hududida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar fosh etildi

Tekshiruv Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshirildi.

O‘rganish jarayonida majmuaning har bir bosqichi uchun Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingani aniqlangan bo‘lsa-da, xulosalarda ko‘rsatilgan talablarning aksariyati bajarilmagani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, qurilish maydoniga kirish-chiqish yo‘llarida yuk mashinalari g‘ildiraklarini yuvish uchun blok-postlar umuman barpo etilmagan. Shu sababli loy va tuproq «Jarqo‘rg‘on» ko‘chasi bo‘ylab 2–2,5 kilometrgacha tarqalib ketgan. Loy qurigach, o‘tib ketayotgan mashinalar uni maydalab, havoga kuchli chang ko‘tarmoqda. Bundan tashqari, atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ham mutlaqo ishlab chiqilmagan.

Shuningdek, eski binolar buzilishidan chiqqan 126 188,9 tonna chiqindi hamda kotlovan qazishdan hosil bo‘lgan 368 432 tonna tuproq qayerga olib ketilgani yuzasidan korxona hech qanday hujjat taqdim eta olmadi. Mutaxassislar o‘lchoviga ko‘ra, hududda 12 036 tonna qattiq maishiy va qurilish chiqindisi belgilangan joydan tashqarida to‘plangan. Chiqindilarni olib chiqish va oqova suvlarni tashish bo‘yicha shartnomalar ham tuzilmagan.

Bundan tashqari, 51 tup daraxt ruxsatsiz va noqonuniy ravishda yo‘q qilingan. Korxona 50 tup archa va 1 tup chinorni kesish uchun ariza bergan, biroq Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi tomonidan ruxsat berilmagan. Shunga qaramay, tekshiruv chog‘ida bu daraxtlar kesib tashlangani aniqlandi.

Korxona tomonidan ekspertiza talablari ham bajarilmagan. «Yashil makon» dasturi doirasida hududning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish, uglerod neytralligi rejasini ishlab chiqish va boshqa majburiyatlar ijro etilmagan. Yuqoridagi holatlar «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi va «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga zid ekani qayd etildi.

Korxonaga atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni noqonuniy joylashtirganlik uchun 5 mlrd 183 mln 364 ming 476 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Shu bilan birga, yo‘q qilingan daraxtlar uchun o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 396 mln so‘m zarar qoplab berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, yo‘q qilingan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan, jami 5100 tup ko‘chat ekish va ularni 3 yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklatildi. Korxona rahbariga MJtKning 85¹-moddasi 1-qismi bo‘yicha 4 mln 400 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llandi.

Shuningdek, korxonaga chang ko‘tarilishining oldini olish va havoni muhofaza qilish choralarini zudlik bilan ko‘rish, hududdagi chiqindilarni o‘lchab, olib chiqish va qayta ishlashga topshirish, «Ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot» loyihasini 10 dekabrgacha ekspertizadan o‘tkazish hamda boshqa zarur ko‘rsatmalar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.