Toshkentning Uchtepa tumanida sun’iy ko‘l qurilishida 4 tup daraxt ruxsatsiz kesilib, tabiatga 27 mln so‘m zarar yetkazildi
Toshkentning Uchtepa tumanida sun’iy ko‘l qurilishida 4 tup daraxt ruxsatsiz kesilgani aniqlandi. Ekologiya bosh boshqarmasi o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni 27,28 mln so‘mga baholadi. Hokimlik avvalroq loyiha doirasida mavjud daraxtlarni saqlab qolish rejalashtirilganini bildirgan edi.

Toshkentning Uchtepa tumanida sun’iy ko‘l qurilishi vaqtida 4 tup daraxt ruxsatsiz kesilib, tabiatga 27 mln so‘m zarar yetkazildi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sun’iy suv havzasi qurilishi bilan bog‘liq holda 4 tup daraxt ruxsatsiz kesilgani ma’lum bo‘ldi.
Hokimlik bundan avval loyiha doirasida mavjud daraxtlarni saqlab qolish rejalashtirilganini bildirgan edi.
14-oktabr kuni Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumani, Qo‘rg‘ontepa mahallasi, 11-mavze, 52-uy va 340-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti oralig‘ida sun’iy suv havzasi qurilishi sabab daraxtlar kesilgani haqidagi xabarlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazganini ma’lum qildi.
Dastlabki tekshiruvda Uchtepa tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan hech qanday ruxsatsiz 3 tup aylantus va 1 tup shumtol daraxti, jami 4 tup daraxt tagidan kesib tashlangani aniqlandi. O‘zbekistonning “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonuni 37-moddasiga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 27 mln 280 ming so‘m deb baholangan.
Mazkur holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, Ekologiya bosh boshqarmasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi qarori talablariga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinmasdan turib qurilish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Hozirda ushbu hudud bosh boshqarmaning Uchtepa tumani bo‘limi nazoratiga olingan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa mahallasidagi 340-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 15-sonli ko‘p qavatli uylar oralig‘idagi 0,8 gektar yer maydonida sun’iy ko‘l barpo etish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida mavjud daraxtlarni saqlab qolish va qo‘shimcha manzarali daraxtlar ekish rejalashtirilgani aytilgan.
Hokimlik obodonlashtirish ishlaridan maqsad aholi uchun yashil hudud yaratish, atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish va hududning estetik qiyofasini yaxshilash ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, apreldagi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda mikroiqlim va havo sifatini yaxshilash maqsadida qurilishi rejalashtirilgan sun’iy ko‘llar sonini to‘rttadan 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Sun’iy ko‘llar poytaxtning 12 ta tumanida barpo etilib, ular atrofida favvoralar, dam olish zonalari va yashil maydonlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bog‘ bosh dendrologi Atirgul Xolmirzayeva qurilish jarayonida o‘zboshimchalik bilan daraxt kesilmayotganini, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi esa suv havzasi qurilayotgan maydonda bog‘ning ilmiy kolleksiyasiga mansub daraxt va butalar mavjud emasligini bildirgan edi.

