Toshkentdagi OTMlarda yangi oʻquv yilidan darslar soat 8 da boshlanadi

Toshkentdagi OTMlarda yangi oʻquv yilidan darslar ertalab soat 8 da boshlanadi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maʼlum qilishicha, Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalarida 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab birinchi smenadagi dars mashgʻulotlari soat 08:00 da start oladi.
Ushbu tartib poytaxtda transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tigʻiz vaqtlarda yoʻllardagi yuklamani kamaytirish, shuningdek, taʼlim jarayonini yanada maqbul tashkil etish maqsadida joriy etilmoqda. Xususan, darslarning ertaroq boshlanishi talabalar va professor-oʻqituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirishga, kun davomida taʼlim jarayonini samarali tashkil etishga hamda shahardagi transport vositalari oqimini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, mazkur tartib kunduzgi va kechki taʼlim shakllarida tahsil olayotgan talabalar uchun oʻquv kunini toʻgʻri rejalashtirish, mashgʻulotlar va boshqa oʻquv faoliyati uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.
Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonida Toshkent shahridagi oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari, professor-oʻqituvchilar, pedagoglar va talabalardan ushbu tartibni inobatga olish soʻraldi.
Taʼlim tashkilotlarida oʻquv mashgʻulotlarini belgilangan vaqtda boshlash, oʻquv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.
Yangi oʻquv yilida oliy taʼlim tashkilotlarining 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentyabrdan boshlanadi.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Toshkent shahar hokimligi shahar va tuman hokimliklari, shahar boshqarmalari hamda ularga qarashli boʻlinmalarning ish vaqtini 8:00 dan 17:00 gacha belgilashni taklif qilgan edi.

