Toshkentdagi koʻp kvartirali uylar Jahon banki ishtirokida energiya auditidan oʻtkaziladi
Toshkentdagi koʻp kvartirali uylarda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida energiya auditi oʻtkaziladi. Ekspertlar binolarning texnik va energetik holatini baholaydilar, issiqlik yoʻqotilishi manbalarini aniqlaydilar va ularni bartaraf etish boʻyicha yechimlarni ishlab chiqadilar.

Toshkentdagi koʻp kvartirali uylarda Jahon banki ishtirokida energiya auditi oʻtkaziladi, deb xabar berdi shahar hokimligi.
Tekshiruv uchun oʻtgan isitish mavsumida meʼyoriy talablar buzilgan holda isitilgan binolar tanlab olindi.
Audit davomida binolarning texnik va energetik holati, jumladan, tashqi devorlar, tom va yertoʻlalar, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari hamda issiqlikdan foydalanish samaradorligi baholanadi.
Xorijlik mutaxassislar, shuningdek, asbob-uskunalar yordamida oʻlchovlarni amalga oshiradilar, har bir binoda issiqlik yoʻqotilishining asosiy sabablarini aniqlaydilar va ularni bartaraf etish boʻyicha texnik yechimlarni tayyorlaydilar, deb maʼlum qildi shahar hokimligi.
Energiya auditi yakunlari boʻyicha Toshkent shahridagi koʻp kvartirali uylarni samarali isitish metodologiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Unda binolarning texnik holati va energiya samaradorligi, issiqlik yoʻqotilishi darajasi va boshqa koʻrsatkichlar hisobga olinadi.
Shahar hokimligining bildirishicha, ushbu metodologiya binolarning energiya samaradorligini baholash, modernizatsiyaga muhtoj boʻlganlarini aniqlash hamda issiqlik yoʻqotilishini kamaytirish, elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

