Mahalliy

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida energiya auditi o‘tkaziladi

Toshkent shahri hokimligi 21-sentabrdan ko‘p qavatli uylarda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida kompleks energiya auditi o‘tkazilishini ma’lum qildi. O‘rganishlar issiqlik yo‘qotish sabablarini aniqlash va binolarni samarali isitish choralarini belgilashga qaratilgan.

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida energiya auditi o‘tkaziladi

Toshkent shahrida 21-sentabrdan boshlab Jahon banki mutaxassislari ko‘magida ko‘p kvartirali uylarda kompleks energiya auditi amalga oshiriladi.

Energiya auditi o‘tgan issiqlik mavsumida belgilangan me’yoriy talablarga mos ravishda isitilmagan ko‘p kvartirali uylarda tashkil etiladi. Tegishli uylar Toshkent shahri hokimining uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari rahbarligida o‘tkazilgan manzilli o‘rganishlar yakuniga ko‘ra tanlab olingan.

O‘rganishlar davomida binolarning amaldagi texnik va energetik holati, issiqlik yo‘qotish manbalari, tashqi devorlar, tom va yerto‘la qismlari, eshik va derazalar, shuningdek ichki isitish tizimlari tekshiriladi. Bundan tashqari, issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligi ham baholanadi.

Jahon banki mutaxassislari zarur instrumental o‘lchovlarni o‘tkazib, har bir uyda issiqlik yo‘qotishlariga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlaydi. Ularni bartaraf etish uchun tegishli texnik yechimlar ishlab chiqiladi.

Audit natijalariga tayangan holda Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarni samarali isitish metodologiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Unda binolarning texnik holati, energiya samaradorligi, issiqlik yo‘qotish darajasi va boshqa texnik ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.

Hokimlikning qayd etishicha, ushbu metodologiya ko‘p kvartirali uylarni energiya samaradorligi nuqtai nazaridan baholash, modernizatsiya qilinishi kerak bo‘lgan binolarni aniqlash hamda issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish hamda energiya tejamkor yechimlarni joriy etish bo‘yicha yagona yondashuvlar ishlab chiqiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.