Mahalliy

Toshkentdagi issiqxonalar chiqindilari real vaqt rejimida kuzatib boriladi

Toshkentdagi issiqxonalar chiqindilari real vaqt rejimida kuzatib boriladi

Toshkent va unga yondosh beshta tumandagi issiqxona xoʻjaliklari ekologik toza energiya manbalariga oʻtishi kerak. Qattiq yoqilgʻidan foydalanadigan korxonalar uchun oʻtish muddatini 2026 yil 1 dekabrgacha belgilash taklif etildi. 15 oktyabrdan 15 martgacha issiqxonalar chiqindilari real vaqt rejimida nazorat qilinadi, qoidabuzarliklar uchun esa ularning faoliyatini toʻxtatib qoʻyish imkoniyati koʻzda tutilgan.

Ushbu chora-tadbirlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan issiqxonachilik sohasiga "yashil" texnologiyalarni joriy etish va xoʻjaliklarning ekologik xavfsizligini taʼminlashga bagʻishlangan taqdimotda koʻrib chiqildi.

Oʻtgan yili maxsus komissiya Toshkent va unga yondosh hududlardagi issiqxonalarni xatlovdan oʻtkazdi va xoʻjaliklarning bir qismiga ekologik toza energiya manbalariga oʻtishga yordam berdi. Biroq, baʼzi korxonalarda hali ham koʻmirdan foydalanilmoqda.

Kuz-qish davrida shamolning susayishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalardan chiqadigan chiqindilar poytaxt va uning atrofida toʻplanib qolishi mumkin. Shu munosabat bilan Toshkent shahri va unga yondosh beshta tumanda "yashil" texnologiyalardan foydalanishga asoslangan maxsus ekologik rejimni joriy etish taklif qilindi.

Isitish uchun tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stantsiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shinalar, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moylar va chiqindilarni yoqish taqiqlanadi.

Qattiq yoqilgʻidan foydalanadigan xoʻjaliklar 1 dekabrgacha ruxsat berilgan energiya manbalariga oʻtishlari kerak boʻladi.

Istisno faqat qatʼiy texnik talablarga javob beradigan korxonalar uchun qilinishi mumkin. Ular yoqilgʻini yopiq xonalarda saqlashi, avtomatlashtirilgan qozonlarni, samarali chang-gaz tozalash uskunalarini va zaxira generatorini oʻrnatishi, kul va shlakning xavfsiz yigʻilishini taʼminlashi, shuningdek, moʻri balandligi normativlariga rioya qilishi kerak.

2026 yil 15 oktyabrdan 2027 yil 15 martgacha issiqxona xoʻjaliklarida doimiy ekologik monitoring oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Tozalash uskunalarining ishlashi, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar hajmi va foydalanilayotgan yoqilgʻiga qoʻyiladigan talablarga rioya qilinishi nazorat qilinadi.

Oʻlchov aspoblari va videokuzatuv maʼlumotlari real vaqt rejimida Milliy ekologiya qoʻmitasining axborot tizimiga kelib tushadi. Monitoringga dronlar va jamoatchilik vakillari ham jalb etiladi.

Chang-gaz tozalash uskunalari mavjud boʻlmaganda, belgilangan chiqindi normalaridan ortib ketganda yoki taqiqlangan yoqilgʻidan foydalanilganda xoʻjaliklarga nisbatan taʼsir choralari qoʻllaniladi. Zarurat tugʻilganda ularning faoliyati toʻxtatib qoʻyilishi mumkin.

Taqdimotda issiqxona xoʻjaliklarida hosil boʻladigan ifloslangan drenaj va filtratsiya suvlari masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Ularni yigʻish, tozalash va qayta foydalanish uchun Ohangaron tumanida ixtisoslashtirilgan operator va zarur infratuzilmani yaratish taklif etildi.

Masʼul shaxslarga issiqxona xoʻjaliklarining joylashuvi, energiya resurslarini yetkazib berish manbalari va hajmlari koʻrsatilgan raqamli xaritasini tayyorlash topshirildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.