Toshkentda yirik narkotik kontrabandasiga chek qo‘yildi
Toshkent xalqaro aeroportida Tailanddan olib kelingan 4,6 kilogramm «Mefedron» sintetik narkotik moddasi aniqlandi. Tezkor tadbirlar davomida yana 635 gramm «Alfa-PVP» hamda 1,5 litr gashish moyi musodara qilinib, uch nafar shaxs ushlandi.

Toshkentda katta miqdordagi narkotik moddalar kontrabandasi fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari "Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda xorijdan giyohvand moddalarni olib kirish bilan bog'liq holatni aniqladi.
Ma'lumotlarga ko'ra, "Bangkok - Toshkent" reysi bilan uchib kelgan, 2004-yilda Jizzax viloyatida tug'ilgan va 1993-yilda Toshkent shahrida tug'ilgan ikki fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o'tkazilgan. Tekshiruv natijasida ularning yuklari orasidan shisha va alyuminiy idishlarga qadoqlangan va yashirilgan 4,6 kilogramm "Mefedron" sintetik narkotik moddasi topilgan.
Shundan so'ng, ularning Toshkent shahridagi yashash manzili ham ko'zdan kechirilgan. U yerdan 1,5 litr gashish moyi va 8 litr erituvchi vositalar topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlar davom ettirilib, xorijdan keltirilgan narkotik moddalarni Toshkent shahrida qabul qilib olayotgan vaqtda 1997-yilda Jizzax viloyatida tug'ilgan yana bir shaxs qo'lga olingan. Undan 635 gramm "Alfa-PVP" giyohvandlik vositasi musodara qilingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

