Toshkentda xaridorlar shikoyatlaridan so‘ng Imarat Development rahbariyatiga jinoiy ish ochildi. Nimalar ma’lum?
Toshkentda Imarat Development kompaniyasidan uy sotib olgan xaridorlar shikoyatlaridan so‘ng firibgarlik va vakolatlarni suiiste’mol qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Fuqarolar Toshkent viloyatida qurilishi rejalashtirilgan uy-joy uchun pullarni qaytarishni talab qilgan, biroq mablag‘lar qaytarilmagan.

Toshkentda xaridorlar shikoyatlaridan keyin Imarat Development rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Nimalar ma’lum?
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Imarat Development qurilish kompaniyasi faoliyatiga ishonchsizlik bildirgan va uning rahbariyatiga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning arizalaridan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, Imarat Development ofisi poytaxtning Sergeli tumanidagi Buyuk avlod ko‘chasida joylashgan bo‘lsa-da, kompaniya qurishni rejalashtirgan ko‘p qavatli uylar Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida joylashgan.
Turar joy majmualari poytaxt hududidan tashqarida bo‘lgani sababli, ayrim xaridorlar norozilik bildirib, kompaniya rahbariyatidan xonadonlar uchun kiritilgan mablag‘larni qaytarishni talab qilgan. Biroq, xabarda aytilishicha, pullar qaytarilmagan.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, Toshkent shahri IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 192−11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan vakolatlarni suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi ochilgan.
“Tergov harakatlari IIBB boshlig‘i hamda prokuratura tomonidan nazoratga olingan. Tergov natijalariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Bayonotda arizachilar soni, yetkazilgan taxminiy zarar miqdori hamda murojaatlar kelib tushgan turar joy majmualarining nomlari ochiqlanmagan.
Shuningdek, aynan kimga gumon yoki ayblov e’lon qilingani va kimgadir ehtiyot chorasi qo‘llangani yoki qo‘llanmagani haqida ham ma’lumot berilmagan.
2025-yil iyulida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi Sergeli City turar joy majmuasi qurilishida qoidabuzarliklar aniqlangandi. Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, beshta blokdagi (A9, A10, A11, D1 va D2) ishlar zarur davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan olib borilgan. Bundan tashqari, mutaxassislar beton ustunlarda bo‘shliqlar, poydevor ostida suv to‘planishi va loyihada ko‘zda tutilgan drenaj tizimi yo‘qligini aniqlagan.
Inspeksiya qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan va ko‘rsatilgan bloklar qurilishini vaqtincha to‘xtatgan. O‘zini loyiha asoschisi deb tanishtirgan tadbirkor Marat Hamdamov bunga javoban ishlar butunlay to‘xtatilmaganini, faqat vaqtincha to‘xtatib turilganini va kompaniya qonun doirasida harakat qilayotganini aytgan.
Kun.uz Imarat Development brendi ostidagi loyihalardan xonadon sotib olgan xaridorlarning qurilish kechikayotgani va pullarni qaytarib ololmayotgani haqidagi shikoyatlari haqida xabar bergan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yildayoq xaridorlarga topshirilishi kerak bo‘lgan bir qator turar joy majmualaridagi xonadonlar hanuz foydalanishga topshirilmagan. Kechikishlar fonida kompaniya muassislari o‘rtasida nizo kelib chiqqan, sotuv ofisi peshtoqidagi Imarat nomi esa Imtiyaz’ga o‘zgartirilgan.
Xaridorlardan biri Dilorom Yutayeva Kun.uz’ga bergan intervyusida 2024-yil 6-yanvarda shaxsan Marat Xayrullayevich sifatida tanilgan tadbirkor Marat Hamdamovdan shartnoma olganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xonadon uchun 400 mln so‘m to‘lagan.
Uy-joy 2025-yil 30-oktabrgacha topshirilishi kerak edi, biroq bu amalga oshmagan. Endi ayol to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilmoqda.
Yana bir xaridor Jahongir Muhiddinov 2025-yil dekabrida topshirilishi kerak bo‘lgan xonadonlar uchun to‘lovni to‘liq amalga oshirganini bildirgan. Muddatlar buzilgach, u qurilishning borishi haqida bilishga uringan, ammo uning aytishicha, aniq javob olmagan.
Boshqa bir mijoz Dilnoza To‘ychiboyeva esa 2024-yil fevralida shartnoma tuzganini aytgan. Muddatlar bir necha bor surilgach, u shartnomani bekor qilish va pulni qaytarishni talab qilishga qaror qilgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya vakillari uni kutishni davom ettirishga ko‘ndirgan, biroq keyin kompaniyaning o‘zi shartnomani bir tomonlama bekor qilgan, u to‘lov qilgan xonadon esa boshqa xaridorga sotib yuborilgan.
Marat Hamdamov.
Shikoyatlar ortidan tadbirkor Marat Hamdamov videomurojaatlar e’lon qilib, boshqa muassislar bilan nizo kelib chiqqanini ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, hamkorlari uni qurilish loyihalaridan, jumladan, Sergeli City va Bristol City’dan chetlashtirgan. Hamdamov, shuningdek, o‘ziga va oilasiga nisbatan tahdidlar bo‘layotgani hamda ofis va qurilish maydonchalariga kirishiga to‘sqinlik qilinayotganini aytgan.
O‘z navbatida, o‘zini Imarat Development direktori sifatida tanishtirgan Olim Mamatov Kun.uz’ga ayrim bloklarda qurilish va pardozlash ishlari davom etayotganini, turar joy majmualarini topshirish esa uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Keyinroq Mamatov nashrga Hamdamov va boshqa muassislar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilangani va tadbirkor loyihalar ustida ishlashga qaytishi mumkinligini aytgan.
Bundan tashqari, kompaniya vakili 2027-yil yanvariga qadar xaridorlarga Sergeli City turar joy majmuasining 16 ta blokini topshirishga va’da bergan. Umuman olganda, loyiha 61 ta blokni nazarda tutadi.
Ushbu obyektlar amalda to‘liq yakunlangani haqida hozircha tasdiqlovchi ma’lumotlar yo‘q.
2025-yil sentabrida Kun.uz Imarat Development loyihalari bo‘yicha xaridorlarning e’tirozlari haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.
O‘shanda mijozlar shartnoma bekor qilinganda kompaniya amalda kiritilgan mablag‘dan emas, balki xonadonning to‘liq qiymatidan 10−12% miqdorida jarima ushlab qolganini aytgan. Masalan, xonadon narxi 400 mln so‘m bo‘lib, 120 mln so‘m to‘langan taqdirda, ushlab qolinadigan summa 40−48 mln so‘mni tashkil etishi mumkin edi. Bunga javoban Marat Hamdamov ushlab qolishlar faqat qurilishning yakuniy bosqichida ayrim xaridorlarga nisbatan qo‘llanganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shartnomani bekor qilgan boshqa mijozlarga mablag‘lar bosqichma-bosqich qaytarilgan.
Nashr, shuningdek, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi Sergeli City xaridorlaridan birining shikoyatini ko‘rib chiqib, unga pulni to‘liq miqdorda qaytarish haqida ko‘rsatma berganini ham ma’lum qilgan edi.
2025-yil oktabrida Toshkentning Yashnobod tumanida Tuzel Park turar joy majmuasini qurgan Perfect-Mansions MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘lgandi.
Poytaxt Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, obyektdagi ishlar nazorat organida zarur ro‘yxatdan o‘tmasdan va ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmasdan olib borilgan.
O‘shanda Toshkent shahri prokuraturasi Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan. Tergov harakatlarini olib borish shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limiga topshirilgan.
Tuzel Park loyihasi avvalroq Imarat Development brendi ostida reklama qilingan va Marat Hamdamov bilan bog‘langan. Biroq ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlariga ko‘ra, u na Imarat Development, na Perfect-Mansions MCHJ muassislari yoki rahbarlari orasida rasman qayd etilmagan.
Toshkent shahri IIBB ma’lum qilgan amaldagi jinoyat ishi xaridorlarning yangi murojaatlaridan so‘ng qo‘zg‘atilgan. Ushbu tergov harakatlari bir-biriga bog‘liqmi-yo‘qmi, hozircha aniqlik kiritilmagan.
2025-yil dekabrida Daryo nashri ham Imarat Development mijozlarining xarid qilingan xonadonlarni ololmayotgani yoki ular uchun kiritilgan mablag‘larni qaytara olmayotgani haqidagi shikoyatlari bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgandi.
Xaridorlar shartnomalarni bekor qilish sabablaridan biri sifatida Sergeli City turar joy majmuasining joylashuvini ko‘rsatgan. Mansur Do‘styorovning so‘zlariga ko‘ra, xonadon sotib olayotganda menejer unga uylar Sergelidan taxminan 5 km uzoqlikda qurilayotganini aytgan. Biroq 100 mln so‘m to‘laganidan so‘ng, erkak qurilish maydonchasiga borib, u ancha uzoqda — Toshkent viloyati hududidagi Sergeli mahallasida joylashganini aniqlagan.
Xaridor 2024-yil fevralida shartnomani bekor qilgan. Unga pullarni bir oydan olti oygacha bo‘lgan muddatda qaytarishni va’da qilishgan, biroq 2025-yil dekabrida surishtiruv e’lon qilingan paytga qadar mablag‘larni olmagan.
Yana bir xaridor Roza Qurbonova Sergeli City’ning 12-blokidagi xonadon uchun 113 mln so‘m to‘laganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chib kirish 2025-yil yozida va’da qilingan, biroq tegishli blok qurilishi dekabr oyiga qadar hatto boshlanmagan.
To‘lqinoy Mamathalilovaning Daryo’ga ma’lum qilishicha, oilasi o‘g‘lining nomiga rasmiylashtirilgan xonadonni sotib olish bo‘yicha shartnomani bekor qilgan, biroq 10 oy davomida 274 mln so‘mni qaytarib ololmagan. Ayol, shuningdek, oshkora shikoyatlardan so‘ng kompaniya vakillari tomonidan tazyiqqa uchraganini ta’kidlagan.
Daryo jurnalistlari Imarat Development ofisiga ikki marta borgan va bir necha bor so‘rov yuborgan. Marat Hamdamov avvaliga murojaatchilarning muammolarini bir hafta ichida hal qilishga va’da bergan, biroq keyinroq mablag‘larni qaytarish kechikishini xodimlarning e’tiborsizligi bilan izohlagan.
Jurnalistlar aralashuvidan so‘ng Hamdamovning vakili tahririyatga dastlabki to‘rt nafar murojaatchidan uch nafariga pullar jarimasiz to‘liq qaytarilganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mamathalilovaning mablag‘lari davom etayotgan sud jarayoni sababli qaytarilmay qolgan.
Shu bilan birga, Daryo boshqa xaridorlarning murojaatlari kelib tushishda davom etganini ta’kidlagan. Ayrim fuqarolar xonadonlarni taniqli blogerlar va san’atkorlar ishtirokidagi reklamalar ta’sirida sotib olishganini, biroq keyinchalik qurilish va mablag‘larni qaytarish kechikishiga duch kelishganini aytgan.
O‘zbekistonda yangi qurilayotgan uylardan xonadon sotib olayotgan xaridorlarning shikoyatlari fonida, ulushli qurilishda fuqarolar mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan eskrou hisoblarning majburiy mexanizmi hanuz joriy etilgani yo‘q. Prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-iyuldan boshlab quruvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov qilish bilan birga eskrou hisoblar orqali hisob-kitob qilishga ruxsat berish, 2026-yil 1-yanvardan esa yangi tizimga to‘liq o‘tish rejalashtirilgan edi.
Biroq rejalashtirilgan ishlar amalga oshmadi. 2026-yil yanvarida Adliya vazirligi eskrou hisoblardan majburiy foydalanish uchun hali zarur qonunchilik bazasi mavjud emasligini tushuntirdi. Qonunchilik palatasi ulushli qurilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini faqat 28-iyulda birinchi o‘qishda ma’qulladi. Noyabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, qonun qabul qilinmagan va majburiy eskrou hisoblar tizimi ishga tushmagan.
Mexanizmga ko‘ra, xaridorlarning pullari maxsus bank hisoblarida saqlanadi, quruvchi esa belgilangan shartlarni bajargandan so‘ng ulardan foydalanish huquqini oladi. Bu qurilish tugallanmaganda mablag‘larni yo‘qotish xavfini kamaytirishi kerak.
Avvalroq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov yangi tartib faqat yangi loyihalarga tatbiq etilishi, avvalgi qoidalar bo‘yicha boshlangan qurilishga esa daxl qilinmasligini ma’lum qilgan edi.

