Toshkentda xalqaro moda akademiyasi ochiladi

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi ochiladi
Oʻzbekistonda yengil sanoat uchun mutaxassislar tayyorlaydigan Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi.
Oʻquv yurti davlat oliy taʼlim muassasasi maqomini oladi, mashgʻulotlar esa 2026/2027 oʻquv yilidan boshlanadi. Kelajakda bu yerda dual taʼlimni joriy etish va yotoqxona ochish ham rejalashtirilgan.
Yangi akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi. U Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qoʻshma taʼlim dasturi negizida tashkil etiladi.
Ushbu qoʻshma dastur boʻyicha allaqachon tahsil olayotgan talabalar oʻqishini yangi akademiyada davom ettiradilar. Bitiruvchilarga akademiya diplomi beriladi.
Qoʻshma dasturlardan tashqari, oliy oʻquv yurti bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha mustaqil ravishda mutaxassislar tayyorlay oladi.
2027/2028 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlimni joriy etish rejalashtirilmoqda. U oʻqishni amaliy tayyorgarlik bilan birlashtirgan holda, aniq kompaniya va tashkilotlarning buyurtmalari boʻyicha toʻqimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash imkonini beradi.
Akademiya, shuningdek, davlat buyurtmasi boʻyicha turli kompaniyalar uchun formali kiyimlar dizaynini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Milliy brendlarni shakllantirish va rivojlantirish yana bir yoʻnalishga aylanadi.
Yengil sanoat texnikumlari bitiruvchilari uchun oʻqishni davom ettirishning alohida imkoniyati koʻzda tutiladi. 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab sohaviy texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan va oʻrtacha balli akademiya tomonidan belgilangan koʻrsatkichdan kam boʻlmagan bitiruvchilar toʻgʻridan-toʻgʻri bakalavriatning uchinchi bosqichiga kirishlari mumkin boʻladi. Oʻqish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Xorijiy oʻqituvchilar, mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun koʻp martalik vizalarni rasmiylashtirish va muddatini uzaytirish hamda roʻyxatdan oʻtkazish koʻzda tutilgan. Ushbu chora-tadbirlar akademiyaning maʼmuriy xodimlari va ularning oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi.
Yangi oliy oʻquv yurti talabalari uchun 2028 yil oxirigacha 400 oʻrinli yotoqxona quriladi. Bungacha Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutidan oʻtkazilgan talabalar avvalgi institutning yotoqxonasidan foydalanishlari mumkin boʻladi.
Oʻzbekiston matolari va naqshlari — atlas va adras — global trendlar bilan hamohang ekani maʼlum boʻldi.

