Toshkentda uyushgan jinoiy guruhning sobiq aʼzosidan kokain topildi. Video

Toshkentda uyushgan jinoiy guruhning sobiq aʼzosidan kokain topildi. Video
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida uyushgan jinoiy guruhning sobiq aʼzosidan kokain topildi. IIV maʼlumotlariga koʻra, erkak muqaddam sudlangan boʻlib, jinoyat olamida «Jora Tashkentskiy» laqabi bilan tanilgan shaxsning sherigi boʻlgan.
Maxsus operatsiya IIV Tezkor-qidiruv departamenti, uning hududiy boʻlinmalari va Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan oʻtkazildi.
Xonadon koʻzdan kechirilganda, mehmonxonadan skotch bilan oʻralgan bir nechta qogʻoz boʻlaklari topildi. Ekspertiza ularning ichida kukunsimon giyohvandlik moddasi — kokain borligini aniqladi. U ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi va rasmiylashtirildi.
Huquq-tartibot idoralari maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchi Fargʻona viloyatida tugʻilgan. Muqaddam bir qator jinoyat moddalari bilan sudlangan va jinoiy guruhlar aʼzosi boʻlgan.
Gumonlanuvchiga nisbatan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Bundan avval Toshkentda kuchishlatar tuzilmalar xodimlari 36 yoshli ayolni giyohvand moddalarni yashirib ketayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olgan edi. Uning yonida 146 ta oʻramda mefedron va MDMA boʻlgan. Shu bilan birga, sintetik moddalar saqlanadigan asosiy omborxonadan 1,127 kilogramm mefedron, 700 gramm alfa-PVP, 427 gramm MDMA, 200 gramm kokain, 100 gramm gashish va qadoqlash materiallari topilgan.

