Mahalliy

Toshkentda qurilayotgan uyda olti kishining murdasi topildi. Ular is gazidan zaharlangan bo‘lishi mumkin

Mirzo Ulug‘bek tumanida 6 kishi, taxminlarga ko‘ra, gazdan zaharlanish oqibatida halok bo‘ldi. Yana ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan. Holat qurilayotgan ikki qavatli hovlida sodir bo‘lgan. Hodisa sababi va tafsilotlariga aniqlik kiritilmoqda. Aholi FVV xonadonlarni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bermoqda.

Toshkentda qurilayotgan uyda olti kishining jasadi topildi. Ular is gazidan zaharlangan bo‘lishi mumkin

25-oktabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gazdan zaharlanish oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, soat 09:53 da “112” xizmatiga Alisherobod mahallasi Anaybuloq ko‘chasidagi xonadonda to‘qqiz kishi hushsiz holatda topilgani haqida xabar kelib tushgan.

Voqea 8 sotix maydonga ega, qurilayotgan ikki qavatli uyda yuz bergan. Xabarda ushbu obyekt tabiiy gaz bilan ta’minlangani qayd etiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi noma’lum etiologiyali zaharlanish sabab vafot etgan. Yana ikki nafar jabrlanuvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Markaz 25-oktabr kuni Gazeta’ga bemorlar reanimatsiyada ekanini tasdiqlagan. To‘qqizinchi shaxsning ahvoli o‘sha paytda qoniqarli deb baholangan.

E’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, halok bo‘lganlar 1982, 2008, 2008, 2004, 2000 va 2000-yillarda tug‘ilgan erkaklar bo‘lib, shifoxonaga olib ketilgan jabrlanuvchilar esa 2000 va 2008-yillarda tug‘ilgan.

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan vafot etgan va jabrlangan sakkiz kishining barchasi Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Ellikqal’a tumanlarida yashagan.

Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa idoralar xodimlari yetib borgan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan va tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

25-oktabrdan beri Gazeta Bosh prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligidan sodir bo‘lgan hodisa sabablari hamda tekshiruv jarayoni haqida rasmiy izoh olishga urinmoqda, biroq material chop etilgan vaqtgacha idoralardan javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Shu orada Alisherobod mahallasida yashovchi fuqaro is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida FVV xodimlari tomonidan xonadonlarni profilaktik ko‘zdan kechirish ishlari olib borilayotgani haqida ma’lum qildi.

Aholi aytishicha, FVV xodimlaridan biri ana shu ko‘rik paytida tadbirlar “favqulodda vaziyatlar vazirining shaxsiy topshirig‘i” bilan o‘tkazilayotganini aytgan. Uning so‘zlari yozilgan audioyozuv tahririyatga taqdim etilgan.

Aholining xabar berishicha, yozuvda xodim Toshkentdagi mahallalardan birida o‘zidayoq 12 kishi is gazidan zaharlanganini ham aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.