Toshkentda profilaktika inspektorlari kanalga o‘zini tashlagan qizni qutqarib qoldi
Toshkentda profilaktika inspektorlari Bo‘zsuv kanaliga o‘zini tashlagan qizni qutqarib qoldi. Fuqaro “102'ga xabar bergach, Yakkasaroy tumani IIBB xodimlari yetib borib, suvdagi qizni chiqarib olgan. Unga shifoxonada yordam ko‘rsatilgan va ota-onasiga topshirilgan.

Toshkentda profilaktika inspektorlari kanalga o‘zini tashlagan qizni qutqarib qoldi
Toshkent shahridagi Bo‘zsuv kanalida o‘zini suvga tashlagan qiz profilaktika inspektorlari va fuqaro tomonidan qutqarib qolindi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.
Voqea Bo‘zsuv kanalining aholi sayr qilishi uchun mo‘ljallanmagan yopiq qismida yuz bergan. Hududda bo‘lgan fuqaro qizning o‘zini suvga tashlaganini ko‘rib, “102” xizmatiga murojaat qilgan.
Xabar kelib tushgach, Yakksaroy tumani Tepa mahallasi inspektorlari voqea joyiga yetib borgan. Qidiruv davomida qiz kuchli oqim va aylanma harakat sabab kanalning chekka qismiga oqib ketgani aniqlangan.
Xodim Ortiq Omonov zudlik bilan suvga tushib, qizni olib chiqqan, ikkinchi xodim Qudrat Rasulov esa uni yuqoriga tortib olishga ko‘maklashgan. Suvdan chiqarib olingan qizga birinchi yordam ko‘rsatilgach, u yaqin atrofdagi 5-sonli shahar shifoxonasiga olib borilgan.
Tibbiy yordam ko‘rsatilganidan keyin qizning shaxsi aniqlanib, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi ota-onasiga bog‘lanilgan. Qiz sog‘-salomat ota-onasiga topshirilgan, hozirda uning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

