Profilaktika inspektori o‘zini daryoga tashlagan ayolni qutqardi
Profilaktika inspektori muzdek suvda butun tanasi uvishib qolishiga qaramay, ayol hayotini saqlab qolish uchun unga

Profilaktika inspektori o‘zini daryoga tashlagan ayolni qutqardi
Bir ayol o‘zini daryoga tashlagani haqidagi, qattiq qo‘rquv va hayajon bilan «102» raqamiga kelib tushgan qo‘ng‘iroqdan so‘ng, juda tezkor choralar ko‘rildi.
Tungi soat 00:00 larda xabar kelib tushishi bilanoq, hudud profilaktika inspektori Shahzod Nasullayev voqea joyiga shoshilgan va yo‘lda holat haqida PPX xodimlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga ham ma’lum qilgan. Tun qorong‘usidagi xavfli vaziyatga qaramay, profilaktika inspektori katta tezlikda oqayotgan daryoda jon talashib, cho‘kib borayotgan ayolni qutqarish uchun o‘zini muzdek suvga tashlagan. U cho‘kayotgan ayolni ushlab olgan va hushsiz holatdagi ayolni daryoning narigi betiga olib chiqqan. Muzdek suvda butun tanasi uvishib qolganiga qaramay, profilaktika inspektori ayolning hayotini saqlab qolish uchun unga birinchi yordam ko‘rsatgan. So‘ng uni dast ko‘targan holda daryoni kechib o‘tgan.
Shu orada voqea joyiga mahalla raisi Gulchiroy Jamolova hamda PPX xodimi Mirshod Rahimov ham yetib kelib, tezkor harakatga kirishishgan.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ular ayolning hayotini saqlab qolishgan.
— Ba’zan bir insonning hayotini saqlab qolish uchun bir necha daqiqa, birgina qaror va eng muhimi, jasorat kifoya. Ular shu jasoratni ado etishdi. Ayni paytda, holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda va ayolni o‘z joniga qasd qilishgacha olib kelgan holatlar izchil o‘rganiladi. Va hech kim javobgarlik va qonundan qochib keta olmaydi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lum qilamiz,— dedi Ulug‘bek Shukurlayev.

