Toshkentda onlayn qimor oʻyinlari boʻyicha xizmat koʻrsatib kelgan guruh qoʻlga olindi
Guruh Yashnobod tumanidagi biznes markazlarining birida kompyuter texnologiyalari sohasida konsultatsiya xizmatlari koʻrsatish niqobi ostida faoliyat koʻrsatib kelgan. Mijozlarni jalb qilishda maxsus dasturiy taʼminot, shifrlangan aloqa va raqamli izlarni yashirish texnologiyalaridan foydalanilgan.

Toshkentda onlayn qimor o‘yinlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelgan guruh qo‘lga olindi
IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Toshkent shahrida yirik tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida Yashnobod tumanidagi biznes markazlaridan birida onlayn qimor o‘yinlariga xizmat ko‘rsatuvchi guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan. Ushbu guruh kompyuter texnologiyalari sohasida konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish niqobi ostida ishlagan.
Guruh O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon, Bahrayn, Qatar, Quvayt va boshqa davlatlarning qariyb 60 ming fuqarosini onlayn qimor platformalariga jalb qilish hamda ularda qatnashish uchun sharoit yaratib berish xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.
Bino ichida bo‘limlar qat’iy taqsimlangan bo‘lib, operatorlar, supervayzerlar, kassachilar, hisobchi-analitiklar va menejerlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni maxfiy tarzda bajarib kelishgan. Mijozlarni jalb etishda maxsus dasturiy ta’minot, shifrlangan aloqa va raqamli izlarni yashirish texnologiyalaridan foydalanilgan.
Maxsus operatsiya davomida binodan katta infratuzilma ashyoviy dalil sifatida xatlangan. Jumladan, server qurilmalari, kompyuter jamlanmalari, noutbuklar, mobil telefonlar, bank plastik kartalari, pul mablag‘lari va ishga aloqador boshqa ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, ushbu tuzilma orqali so‘nggi 6 oyda 4 mln dollar miqdorida pul mablag‘lari aylanmasi amalga oshirilgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 16 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov ishlari olib borilgan. Guruhning 11 nafar a’zosi protsessual tartibda ushlangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, jinoyatga bevosita aloqador, masofadan xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar ham aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

