Toshkentda nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro maktab ish boshladi
Mazkur xalqaro tadbir Bureau International des Poids et Mesures (BIPM), COOMET TC 4 “Information and

Toshkentda nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro maktab ish boshladi
Toshkentda BIPM–COOMET UTC SUMMER SCHOOL o‘z faoliyatini boshladi.
2026 yil 28 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) mezbonligida BIPM–COOMET UTC Summer School xalqaro yozgi maktabi ish boshladi.
Mazkur xalqaro tadbir Bureau International des Poids et Mesures (BIPM), COOMET TC 4 “Information and Training”, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamkorligida tashkil etilmoqda hamda IEEE UFFC tomonidan homiylik qilingan.
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro yozgi maktabda 25 ta xorijiy mamlakatdan jami 31 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ularning 11 nafari rivojlangan mamlakatlarning yetakchi xalqaro ekspertlari sifatida lektorlik faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa, 20 nafari vaqt va chastota metrologiyasi yo‘nalishida bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida yozgi maktab ishtirokchisi sifatida qatnashmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — UTC va UTC(k) vaqt shkalalarini yaratish, solishtirish va uzatish, yuqori aniqlikdagi vaqt va chastota o‘lchashlarini amalga oshirish hamda ularning metrologik kuzatuvchanligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
Yozgi maktab dasturidan UTC va UTC(k) vaqt shkalalari, atom soatlari, GNSS orqali vaqt va chastotani uzatish, metrologik kuzatuvchanlik, o‘lchash noaniqligini baholash, statistik tahlil va zamonaviy vaqt-chastota texnologiyalari bo‘yicha ma’ruzalar hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
BIPM–COOMET UTC Summer School 28–30 sentyabr kunlari davom etib, vaqt va chastota metrologiyasi sohasida xalqaro tajriba almashish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish hamda milliy metrologiya institutlari mutaxassislarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

