Toshkentda mast holatda bolalari bilan ko‘chada yurgan ayol Ohangaronga qaytarildi

Toshkentda mast holatda bolalari bilan ko‘chada yurgan ayol Ohangaronga qaytarildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli-7 mavzesida yordamga muhtoj ahvolda bo‘lgan ayol va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi tasvirlangan videolar tarqaldi. Holat bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 3-sentyabr kuni poytaxt hamda tuman hokimligi, agentlik, “Inson” markazi va IIB tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan. Oila kiyim-kechak, oziq-ovqat va tibbiy yordam bilan ta’minlanib, vaqtincha boshpanaga joylashtirilgan. Suhbat chog‘ida fuqaroning mast holatda ekani aniqlangan.
4-sentyabr kuni oila Ohangaron shahriga qaytarilgan. O‘rganishlar natijasida ayolning 5 nafar farzandi borligi, turmush o‘rtog‘i ishlashi va oilada moliyaviy muammo yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. U ilgari ham farzandlari bilan Toshkent shahriga kelib, oilasiga qaytarilgan hamda ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Hozirda fuqaro va uning farzandlari Ohangaron shahridagi birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtirilib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Uning turmush o‘rtog‘i S.Siglevkin farzandlarini o‘z qaramog‘iga olib, ularning tarbiyasi va ta’minoti bilan shug‘ullanishini bildirgan.
Ayolning salomatligi va oiladagi vaziyatni hisobga olib, uni 7-sentyabr kuni Ayollar reabilitatsiya markaziga joylashtirish rejalashtirilgan. Vaziyat tegishli mutasaddilar nazoratiga olingan.
“Inson” markazi va tibbiyot birlashmasi xodimlaridan iborat monitoring guruhi ayolning ahvoli og‘irlashib borayotganini o‘z vaqtida aniqlamagan.

