Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy sotilishiga chek qoʻyildi

Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy sotilishiga chek qoʻyildi
Toshkentning Shayxontohur tumanida oʻtkazilgan maxsus operatsiya davomida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotayotgan erkak qoʻlga olindi. Kelishuv tovar xaridorga topshirilayotgan vaqtda toʻxtatib qolindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman boʻlimi xodimlari tayyorlanayotgan kelishuv haqida maʼlumot olib, xaridorga 50 dona «Omnadren-250» preparati topshirilishi kerakligini aniqlashdi.
Dori uchun xaridor 800 dollar toʻlashi lozim edi. Sotish vaqtida sotuvchi qoʻlga olindi, preparatlar esa ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Fargʻona vodiysida 11 ming dona psixotrop tabletkalarning yetkazib berilishiga chek qoʻyilgan edi.

