Qashqadaryoda tez yordam feldsheri psixotrop dorilarni sotayotganda ushlandi

Qashqadaryoda tez yordam feldsheri psixotrop dorilarni sotayotgan paytda qo‘lga olindi
Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida 400 mln so‘mdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Ma’lum qilinishicha, departament hamda huquq-tartibot organlari xodimlari hamkorligida Qarshi shahri Qorliqbog‘ot mahallasida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Kasbi tumani tez tibbiy yordam stansiyasi feldsheri fuqaroga uch turdagi 200 dona psixotrop dori vositasini 15 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tabletkalar tarkibida 18 gramm kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi aniqlangan.
Shuningdek, departamentning Toshkent shahri Chilonzor tuman bo‘limi va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro xaridorga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 295 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan. Undan umumiy qiymati 388,3 mln so‘mlik jami 1 156 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangandi. Shuningdek, hududda 6 mingdan ortiq shunday dori vositalari musodara qilingani haqida xabar berilgandi.

