Toshkentda bolalar bogʻchalari kengaytiriladi va trafikni boshqarishning intellektual tizimi joriy etiladi

Toshkentda maktabgacha taʼlim qamrovini oshirish va tirbandliklarga qarshi kurashish uchun intellektual transport tizimini joriy etishni boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida poytaxtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Hozirda Olmazor tumanida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 67 foizni tashkil etadi. Aholi zich joylashgan hududlarda mavjud bolalar bogʻchalari quvvatini kengaytirish hisobiga ushbu koʻrsatkichni sezilarli darajada oshirish mumkinligi taʼkidlandi.
Muvaffaqiyatli misol sifatida 441-sonli bolalar bogʻchasi tilga olindi, u yerda mavjud hududda amaldagi 385 ta oʻringa qoʻshimcha ravishda yana 450 oʻrinli yangi bino qurilib, mahallaning ehtiyojlari toʻliq qoplandi. Ushbu tajribaga tayanib, yil yakuniga qadar Olmazor tumanida yana kamida 5 ta shunday loyihani boshlash koʻzda tutilgan.
Toshkentning boshqa tumanlarida ham xuddi shunday aholi zich joylashgan mahallalar aniqlanadi. Ular uchun maktabgacha taʼlim muassasalari infratuzilmasini kengaytirish boʻyicha tegishli loyihalar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, yigʻilishda poytaxt uchun tobora dolzarb boʻlib borayotgan transport tirbandligi muammosi muhokama qilindi. Bugungi kunda Toshkent koʻchalarida har kuni 1,5 million transport vositasi harakatlanmoqda.
Uchrashuvda tirbandlik muammosini faqat yoʻllarni kengaytirish, koʻprik va tonnellar qurish hisobiga hal etib boʻlmasligi taʼkidlandi. Shu bois, yil yakuniga qadar piyodalar va avtomobillar harakatini xavfsiz va samarali boshqarish uchun intellektual transport tizimlarini joriy etishni boshlash vazifasi qoʻyildi.

