Toshkent maktablarida o‘quvchilarning xulqi va ruhiy holati sun’iy intellekt orqali tahlil qilinadi
Toshkentda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi ortib borayotgani sababli yuqori sinf o‘quvchilarining sinfxonalariga 'aqlli' kameralar o‘rnatilmoqda. Sun’iy intellekt dasturi o‘quvchilarning davomati, tajovuzkorlik holati, ruhiyati va darsdagi faolligini baholaydi.

Toshkent maktablarida o‘quvchilarning xulq-atvori va ruhiy holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Bu chora poytaxtda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sonining ortishi bilan bog‘liq. Bu haqda Gazeta muxbiriga Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova ma’lum qildi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha yoshlar jinoyatchiligi sezilarli darajada kamaygan. Toshkentda ham o‘tgan yilga nisbatan yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar (giyohvandlik, qasddan jinoyat sodir etish va huquqbuzarliklar) hamda ularda ishtirok etgan yoshlar soni 24 foizga kamaygan. Biroq, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ortgan.
Rahimovaning ta’kidlashicha, yoshlar, ba’zan bilmagan holda, jinoyatlarning bevosita ishtirokchisiga aylanmoqda. Bu holat talabalar orasida ham kuzatilmoqda. Bunday vaziyatlar taksi, kurerlik va pochta xizmatlaridan foydalanish jarayonida ham yuzaga kelmoqda. Shu sababli, profilaktika ishlarini kuchaytirish bilan birga, jinoyatchilikka moyil yoshlarni erta aniqlashga ham e’tibor qaratilmoqda.
Toshkentda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining oldini olish maqsadida "Aqlli maktab" tizimi joriy etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida 9, 10 va 11-sinflarning sinfxonalariga "aqlli" kameralar o‘rnatilmoqda.
Durdona Rahimova ma’lumotlariga ko‘ra, tizim dastlab Sergeli tumanida pilot loyiha sifatida ishga tushirilgan va Vaziyatlar markaziga ulangan. Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-11-sinflaridagi jami 345 ta sinfxonadan 177 tasiga zamonaviy "aqlli" kameralar o‘rnatilgan. Hozirda poytaxtning yana 11 ta tumanidagi maktablar ham kameralar bilan ta’minlanmoqda.
Sun’iy intellektga asoslangan dastur o‘quvchilarning davomati va xulq-atvoridan tashqari, ularning agressivligi, psixologik holati, ijtimoiy va darsdagi faolligini ham tahlil qiladi. Hokim o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bu dastur orqali maktab o‘quvchilarining psixologik holatini aniqlash, ularning salbiy illatlarga qarshi immuniteti yoki moyilligini o‘rganish imkoniyati yaratiladi.
Rahimova tizimning hali takomillashtirish bosqichida ekanligini va unda ayrim xatoliklar bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Dasturning ishlash mexanizmi va natijalari haqida keyinroq alohida matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.
Hokim o‘rinbosari jinoyatchilikka qarshi kurashda nafaqat uning oqibatlarini bartaraf etish, balki kelib chiqish sabablarini aniqlashga ham e’tibor qaratilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat sodir etayotgan yoshlarning katta qismi ta’limda ham, ishda ham band emas, ya’ni kasb-hunari va aniq daromad manbaiga ega bo‘lmagan shaxslardir.
Shu bois, mahallalardagi "yettilik" mexanizmi orqali bunday yoshlarni aniqlash va ularga ko‘maklashish ishlari olib borilmoqda. Profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari yoshlarni ishga joylashtirish, daromad manbaiga ega bo‘lish, tadbirkorlikni boshlash yoki kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashishi zarur.
Rahimova bugungi kunda jinoyatchilikning omillari yuzaki emas, balki chuqur tahlil qilinayotganini qo‘shimcha qildi. Jarayonda yoshlarning ishsiz qolish sabablari, qaysi hududdan ekani, qaysi korxonadan bo‘shagani, ayrim tadbirkorlik subyektlari nima uchun yopilgani va yoshlar nega muayyan kasblarni tanlamayotgani o‘rganilmoqda.
Ushbu ma’lumotlar mehnat bozoridagi talab bilan ta’lim tizimida tayyorlanayotgan kadrlarni solishtirish uchun ham qo‘llanilmoqda. Xususan, qaysi kasblarga talab yuqori ekani, yoshlar uchun qaysi ish o‘rinlari jozibador va daromadli ekani aniqlanmoqda.
Rahimovaga ko‘ra, Toshkentdagi mehnat bozori va yoshlarning kasb tanlash tendensiyalarini o‘rganishda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qilinmoqda. Ushbu tahlillar asosida davlat dasturlariga takliflar kiritish, ta’lim kvotalarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish hamda vazirlik va idoralar bilan birgalikda tizimli choralarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Avvalroq, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 14,3 mingdan ziyod oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat qayd etilgani ma’lum qilingandi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yoshlar, ayollar va ishsizlar ishtirokidagi jinoyatlar kamaygan bo‘lsa-da, voyaga yetmaganlar sodir etgan jinoyatlar 2025-yilning shu davriga nisbatan 4,5 foizga oshgan.
Shuningdek, Sergeli tumani hokimligida sun’iy intellekt asosida vaziyatlar markazi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Prezident uni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etish, shuningdek, gavjum joylar va bozorlarda IIVga onlayn murojaat qilish uchun "aqlli" qurilmalarni o‘rnatishni kengaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.

