Toshkentda bir kunda 22 ta YTH qayd etilib, 4 kishi og‘ir jarohat oldi

Toshkentda bir sutkada 22 ta YTH qayd etilib, 4 kishi og‘ir jarohat oldi
4-sentyabr kuni Toshkent shahrida jami 22 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) yuz berdi. Oqibatda 4 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati oldi. Shu kuni poytaxt yo‘llarida yo‘l harakati qoidalarining 4 751 ta buzilishi aniqlangan.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, 4-sentyabr kuni poytaxt ko‘chalarida sutka davomida 1 502 057 ta transport vositasi harakatlangan. Bu 3-sentyabrda qayd etilgan 1 487 250 ta transport vositasiga nisbatan 14 807 taga yoki 1 foizga ko‘p.
Kun davomida jamoat transporti 170 ta yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilib, 1 670 ta avtobus orqali 1 228 158 nafar yo‘lovchi tashilgan. Toshkent metropoliteni esa ish kuni davomida 862 053 nafar yo‘lovchini manziliga yetkazgan.
Tig‘iz paytlarda 6 ta chorrahada tirbandlik darajasi 7 ballga yetgan, yana bir chorrahada esa bu ko‘rsatkich 7 balldan oshgan. Tirbandlik kuzatilgan joylarda transport oqimini barqarorlashtirish uchun svetoforlarning ish tartibi muvofiqlashtirilib, ayrim yo‘nalishlarda yashil signal vaqti uzaytirilgan. Shuningdek, harakatni tartibga solish maqsadida chorrahalarga YPX xodimlari jalb qilingan.
Markazda poytaxt yo‘llaridagi transport oqimi va tirbandlik holati real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda. Harakat intensivligiga qarab svetoforlarning ish rejimiga tezkor o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
2-sentyabr kuni Toshkent ko‘chalaridagi transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshgani haqida xabar berilgandi. Shunga qaramay, shahar bo‘yicha umumiy tirbandlik darajasi 6 ball atrofida saqlanib qolgan.
Transport oqimida navbatlar ko‘paygan hollarda yuklama yuqori yo‘nalishdagi svetoforlarda yashil chiroq davomiyligi uzaytirilgan, svetofor fazalari qayta sozlangan va qo‘shni chorrahalar o‘zaro muvofiqlashtirilgan. Shu orqali tirbandlikning keyingi chorrahalarga tarqalishi oldi olingan.

