Toshkentdagi Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari chorrahasida svetofor qayta sozlandi

Toshkent shahridagi Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari chorrahasida svetoforning ishlash tartibi qayta ko‘rib chiqildi va sozlandi. Bu o‘zgarishdan maqsad transport oqimini yaxshilash bo‘lib, natijada kunduzgi vaqtda avtomobillar navbati qisqardi va chorrahadan o‘tish vaqti 2 daqiqagacha kamaydi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) mutaxassislari chorrahadagi transport oqimini chuqur o‘rganib chiqdilar. Ular avtomobillar qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq to‘planishini aniqlaganlaridan so‘ng, svetoforning siklini mavjud transport yuklamasiga moslashtirdilar.
Avvalgi tartibga ko‘ra, svetoforning birinchi fazasi 35 soniya, ikkinchi fazasi esa 28 soniya davom etgan. Yangi sozlashlar natijasida, eng ko‘p transport to‘planadigan yo‘nalish uchun yashil chiroq vaqti 35 soniyadan 60 soniyagacha uzaytirildi.
Bundan tashqari, qarama-qarshi yo‘nalishdagi avtomobillar endi biroz oldinroq to‘xtaydi. Bu chorrahada burilayotgan transport vositalariga manevrni xavfsiz yakunlash va chorrahani tezroq bo‘shatish imkonini beradi. Ushbu o‘zgarish bir sikl davomida chorrahadan ko‘proq avtomobil o‘tkazishga yordam beradi.
YHTEM ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlardan so‘ng kunduzgi vaqtda avtomobillar navbati sezilarli darajada qisqargan, harakat bir maromga tushgan va chorrahadan o‘tish vaqti 2 daqiqagacha kamaygan.
Shu bilan birga, chorraha yaqinida temiryo‘l kesishmasi mavjudligi sababli, poyezd o‘tishi vaqtida avtomobillar harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu paytda chorrahada qisqa muddatga transport vositalari to‘planishi mumkin.
Markaz vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Mutaxassislar ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlar uchun svetoforning alohida ish rejimlarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Keyingi bosqichda qo‘shni chorrahalardagi svetoforlarni ham yangilash va ularni yagona “Yashil to‘lqin” tizimiga ulash rejalashtirilgan. Bu tizim ruxsat etilgan tezlikda harakatlanayotgan avtomobillarga chorrahalardan ketma-ket yashil chiroqda o‘tish va kamroq to‘xtash imkonini beradi.
Joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkent shahrida svetoforlar o‘zaro sinxron ishlashiga asoslangan “Yashil to‘lqin” tizimining ilk yo‘nalishi ishga tushirilgan edi. Bu tizim Buyuk ipak yo‘li ko‘chasining “To‘ra Buva” masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismidagi 13 ta chorrahada joriy etilgan.

