Toshkentda avtobus haydovchilarining maoshi bekatlarni tashlab oʻtgani uchun qisqartirilmoqda. Video

Toshkentda avtobus haydovchilarining maoshi qoldirib oʻtilgan bekatlar uchun kamaytirilmoqda. Video
Poytaxt avtobusi haydovchisi yoʻnalishda koʻzda tutilgan bekatdan toʻxtamay oʻtib ketsa, maoshining 5 foizidan mahrum qilinishi mumkin. Qoidabuzarliklar takrorlansa, ishdan boʻshatishgacha borishi mumkin.
Narbayevning soʻzlariga koʻra, avtobuslar harakati GPS orqali nazorat qilinadi. Tizim haydovchi yoʻnalishda koʻzda tutilgan nuqtada toʻxtagan-toʻxtamaganini aniqlash imkonini beradi. Agar u toʻxtamasdan oʻtib ketsa, unga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanilishi va maoshidan 5 foiz ushlab qolinishi mumkin.
Agar haydovchi GPS-ni oʻchirib qoʻysa va qoidabuzarlikni tizim orqali kuzatish imkoni boʻlmasa, yoʻlovchilardan bunday holatlar haqida 1062 qisqa raqamiga xabar berish soʻraladi. Kompaniyada bunday murojaatlar alohida koʻrib chiqilishiga vaʼda berilmoqda.
Bir necha bor sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchi ishdan ayrilishi mumkin. Uch va undan ortiq shunday holatlardan keyin ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik olish uchun kasaba uyushmasiga murojaat qilishi mumkin. Bunda har bir holat alohida koʻrib chiqiladi.
«Toshshahartransxizmat»da amaldagi choralar hozircha yetarli emasligini ham tan olishadi. Narbayevning soʻzlariga koʻra, ayrim haydovchilar hali ham nazorat tizimini chetlab oʻtish yoʻllarini, jumladan, GPS-ni oʻchirib qoʻyishni izlamoqdalar.
Eslatib oʻtamiz, Toshkent Kichik halqa avtomobil yoʻlida 12 ta svetofor «yashil toʻlqin» tamoyili boʻyicha sinxronlashtirildi. Soatiga 50–60 kilometr tezlikda avtomobillar minimal toʻxtashlar bilan taxminan 5 kilometr masofani bosib oʻtishlari mumkin.

