Toshkentda 3-sinf o‘quvchisi temir braslet yutishga majburlandi

Toshkentda 3-sinf o‘quvchisi temir braslet yutishga majburlandi
Toshkentda maktab o‘quvchisi og‘ziga majburan solingan metall buyum sabab og‘ir operatsiyani boshdan kechirgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 2-sentyabr kuni maktabning 3-sinf o‘quvchisi hojatxonaga chiqqan paytda yuqori sinf o‘quvchilari uning og‘ziga noma’lum jism solib yuborgan.
5-sentyabr kuni bolaning ahvoli keskin og‘irlashib, kuchli og‘riqlar bilan shifoxonaga olib borilgan. O‘tkazilgan rentgen tekshiruvlari chog‘ida bolaning ichki organlarida metall buyum borligi aniqlangan.
Jabrlangan bolaning onasiga tegishli ekani aytilgan audioda aytilishicha, bola oqibatidan qo‘rqib, voqea haqida o‘z vaqtida xabar bermagan. Faqat shifokor huzurida rentgen qilingandagina uning ichida yot jism borligi ma’lum bo‘lganini ta’kidlagan. Oqibatda bola o‘ta og‘ir ahvolda murakkab va 3 soat davom etgan shoshilinch jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan, jarrohlar ichakning shikastlangan qismini kesib olib tashlashga majbur bo‘lgan. Onaning aytishicha, bola hozirda reanimatsiya bo‘limida davolanmoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

