Mahalliy

Toshkentda 3 yoshli bolasiga uxlatuvchi dori berib, qiynab kelgan onaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Yashnobod tumanida 3 yoshli bolasiga uxlatuvchi dori berib, unga nisbatan muttasil jismoniy zo‘ravonlik qilib kelgan onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolaga himoya orderi berilib, vaqtincha vasiylik tayinlandi. Hozirda ayolni onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha hujjatlar sudga tayyorlanmoqda.

Toshkentda 3 yoshli farzandiga uxlatuvchi dori berib, unga muntazam ravishda qiynoqlar qo‘llagan ona ustidan jinoiy ish ochildi. Bu haqda Bolalar ombudsmanining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yashnobod tumanida yashovchi 37 yoshli A.T. ismli ayolning 3 yoshli o‘g‘li A.I.ga nisbatan doimiy jismoniy zo‘ravonlik qilayotgani, unga uxlatuvchi dori berib, qarovsiz qoldirayotgani haqida bir guruh fuqarolar Bolalar ombudsmani kotibiyatiga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat asosida Bolalar ombudsmanining rasmiy so‘rovi bilan ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan holat o‘rganib chiqildi. Tekshiruvlar natijasida bolaga nisbatan muntazam tazyiq va qiynash harakatlari sodir etilgani tasdiqlandi. Shu sababli, Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi va bolaga himoya orderi rasmiylashtirildi.

Hozirda bolaning sog‘lig‘ini tiklash uchun barcha zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan bo‘lib, uning ahvoli barqaror. Tuman vasiylik va homiylik organi bolaning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida unga vaqtincha vasiylik tayinladi. Ota-onalik majburiyatlarini bajarmagani uchun A.T.ni onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha hujjatlar sudga tayyorlanmoqda.

Bolalar ombudsmani ushbu ishni bolaning xavfsiz va sog‘lom muhitda yashashini ta’minlash maqsadida o‘z nazoratida saqlab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Bolalar ombudsmani nomiga 1934 ta murojaat kelib tushgan. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 19 ta jinoiy va 26 ta ma’muriy ish ochilgan. Bola huquqlari buzilishi yuzasidan 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.

Ijtimoiy himoya agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat holatlari haqida anonim tarzda xabar berish mumkin bo‘lgan 1246 qisqa raqamli ishonch telefonini ishga tushirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.