Toshkentda 15 dekabrgacha avtobuslarning oldi qismi YHQ qoidabuzarliklarini qayd etish uchun kameralar bilan jihozlanadi

Toshkentda 15 dekabrgacha avtobuslarning oldi qismi yoʻl harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralar bilan jihozlanadi
Toshkentda 15 dekabrgacha shahar avtobuslarining oldi qismiga mobil videokameralar oʻrnatish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Tegishli topshiriq poytaxt IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda "Toshshahartransxizmat" kompaniyasiga poytaxt Xalq deputatlari Kengashi qarori bilan berildi.
Uskunalar avtobuslar yoʻnalishlar boʻylab harakatlanayotgan vaqtning oʻzida yoʻl harakati qoidabuzarliklarini avtomatik rejimda qayd etadi. Qurilmalarni Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining yagona maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, 1 noyabrdan boshlab mutasaddi idoralarga jamoat transporti uchun moʻljallangan "A" ajratilgan boʻlaklarida yengil va shaxsiy avtomobillarning noqonuniy harakatlanishi va toʻxtab turishining oldini olish boʻyicha muntazam reydlarni kuchaytirish topshirildi.
Shuningdek, oʻtgan haftada poytaxtning Lutfiy koʻchasida avtobus boʻlaklarini nazorat qilish uchun statsionar kameralar oʻrnatildi. Videoyozuvlar asosida haydovchilar avtobus va velosipedistlar uchun moʻljallangan boʻlaklarga chiqqani, toʻxtagani va toʻxtab turgani uchun jarimaga tortilmoqda. Bunga oʻxshash foto va videoqayd etish majmualari avvalroq Fargʻona yoʻli koʻchasining ikkala yoʻnalishdagi 6 kilometrlik qismida paydo boʻlgan edi.

