Toshkent viloyatida oʻsmirlar giyohvandlik vositalarini tarqatishga jalb qilindi. Video

Toshkent viloyatida oʻsmirlar giyohvandlik moddalarini tarqatishga jalb qilindi. Video
Chirchiq shahri va Qibray tumanida giyohvandlik moddalari savdosi bilan shugʻullangan internet-doʻkon ishtirokchilari qoʻlga olindi. Ular taqiqlangan moddalarni «zakladka» (yashirib qoʻyish) orqali tarqatishgan va bu faoliyatga, jumladan, voyaga yetmagan qizlar va talabalarni jalb qilishgan. Opreatsiya davomida jami 4,7 kilogramm giyohvandlik moddalari musodara qilindi, IIV maʼlumotlariga koʻra, bu miqdor 245 ming bir martalik dozaga yetar edi.
Chirchiqda 20 va 17 yoshli ikki qiz qoʻlga olindi. Ular 41 ta sintetik giyohvandlik moddalari solingan oʻramni tarqatayotgan vaqtda ushlandi. 17 yoshli qizning ijaraga olingan xonadonidan sotish uchun saqlab kelingan yana 1,259 kilogramm taqiqlangan moddalar topildi.
Keyingi surishtiruvlar davomida ushbu faoliyatga yana bir 16 yoshli qiz jalb etilgani maʼlum boʻldi. U 38 yoshli ayol bilan birga «zakladka» orqali 150 gramm sintetik giyohvandlik moddalarini tarqatayotganda ushlandi.
Ayolning uyi tintuv qilinganda IIV xodimlari 2,850 kilogramm mefedron, 200 gramm alfa-PVP va 200 gramm geroin, shuningdek, giyohvandlik moddalarini qadoqlashda ishlatilgan boʻlishi mumkin boʻlgan zip-paketlar, izolenta va tarozilarni topdilar.
Yana bir necha kishi Qibray tumanida qoʻlga olindi. Ular xaridorlar keyinroq olishi uchun toʻrtta manzilga 200 ta giyohvandlik moddasi oʻramini yashirishga uringan. Qoʻlga olinganlar orasida Sirdaryo, Fargʻona va Namangan viloyatlaridan kelgan yoshlar, jumladan, talabalar bor. IIV maʼlumotlariga koʻra, ular Toshkent viloyatiga kelib, taqiqlangan moddalarni tarqatish orqali pul topgan.
Operatsiya davomida jami 4,7 kilogramm giyohvandlik moddalari musodara qilindi — bu miqdor 245 ming bir martalik dozaga yetar edi.
Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari giyohvandlik moddalari sotuvi boʻyicha internet-doʻkon ishida yana kimlar ishtirok etganini aniqlamoqda va ushbu sxemaga aloqador boshqa shaxslarni qidirishni davom ettirmoqda.
Oldinroq Toshkentning Chilonzor tumanida haydovchidan 4,5 gramm gashish topilgani haqida xabar berilgan edi. Erkak avtomobilni tekshirish vaqtida giyohvandlik moddasidan qutulishga uringan.

