Mahalliy

Toshkent viloyatida mahalla aholisi hokimga jamoaviy murojaat yoʻlladi

Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumani «Mustaqillik» mahallasi aholisi viloyat hokimi Zoir Mirzayev, deputatlar va yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga jamoaviy murojaat yoʻlladi. Murojaatga A-373 avtomobil yoʻlining 10-kilometridagi qayrilib olish joyi yopilgani sabab boʻlgan, bu esa mahalliy aholi va haydovchilar uchun jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan.

Aholining hisob-kitoblariga koʻra, qayrilib olish joyi yopilganidan keyin transport vositalari qariyb 7,3 kilometr uzunlikdagi qoʻshimcha aylanib oʻtish yoʻlini bosib oʻtishga majbur boʻlmoqda. Bu ortiqcha yoqilgʻi sarfi, qoʻshimcha moliyaviy xarajatlar, vaqt yoʻqotilishiga olib kelmoqda hamda mahallaga kirish va chiqishni qiyinlashtirmoqda. Bundan tashqari, fuqarolar Ilgʻor koʻchasidan chiqish joyida piyodalar uchun xavf-xatarlar mavjudligini, u yerda ayrim haydovchilar yoʻl bermay, bolalar va keksalar hayotiga tahdid solayotganini koʻrsatib oʻtishgan.

Shu munosabat bilan aholi mutasaddi tashkilotlardan voqea joyiga borib, vaziyatni oʻrganishni, qayrilib olish joyi yopilishining huquqiy va texnik asoslarini tushuntirishni, shuningdek, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda uni qayta ochish imkoniyatini koʻrib chiqishni soʻramoqda. Muqobil variant sifatida fuqarolar ushbu hududda svetofor oʻrnatish, xavfsiz piyodalar oʻtish joyini jihozlash va zarur yoʻl belgilarini joylashtirishni taklif qilmoqdalar.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.