Toshkent viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlash takomillashtirilmoqda
Xalq qabulxonasida murojaatlarni tahlil qilish va hisobotlarni yuritish uchun diagnostika markazi ham tashkil etilgan

Toshkent viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda. 13-avgust kuni viloyat Xalq qabulxonasida tashkil etilgan media-tur davomida ushbu tizimdagi yangiliklar, joriy yilning birinchi yarmidagi murojaatlar statistikasi hamda fuqarolar muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, viloyat Xalq qabulxonasi fuqarolarning murojaatlarini qulay tarzda bayon etishi va qabulga kirishi uchun zamonaviy usulda tashkil etilgan. Shuningdek, viloyatdagi vaziyatni onlayn kuzatish, mahallalardan kelib tushayotgan shoshilinch murojaatlarga tezkor javob berish va ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida viloyat vaziyatlar markazi ham shu yerda faoliyat yuritadi.
Binoning kirish qismida fuqarolarni sun’iy intellekt gologrammasi kutib oladi. U savol beruvchilarga huquqiy maslahat berish bilan birga, murojaatchini tegishli mutaxassisga yo‘naltiradi. Elektron navbat olishda qiynalgan fuqarolarga Xalq qabulxonasi mutaxassislari yordam beradi. Fuqarolar infokiosk orqali viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosarlari qabuliga yozilishi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarga videomurojaat qoldirishi mumkin.
Xalq qabulxonasida murojaatlarni tahlil qilish va hisobotlarni yuritish uchun diagnostika markazi ham tashkil etilgan. Zarur hollarda muammolarni joyiga chiqib o‘rganish uchun mutaxassislar, "mahalla yettiligi" a’zolari va yoshlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Prezidentning 2026-yil 1-apreldagi "Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-51-sonli Farmoni bilan murojaatlar bilan ishlash tizimida yangi tartiblar joriy etilmoqda. Jumladan, 1-maydan boshlab murojaatlar "shoshilinch", "odatiy" va "maslahat talab qiluvchi" toifalarga ajratilib, ularning ijrosi ustidan vaqt nazorati o‘rnatildi. Davlat organlarining reytingi ham murojaatlarni hal etish samaradorligi asosida ochiq e’lon qilib borilmoqda.
Endilikda fuqaro bilan gaplashmasdan turib murojaatni yopib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, tez orada murojaatchiga uning murojaati qaysi bosqichda ekani, kim tomonidan ko‘rib chiqilayotgani va natijasi haqida SMS-xabarnoma yuborish xizmati ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

