Toshkent viloyatida chiqindilarni elektr energiyasiga qayta ishlash zavodi qurilmoqda
Ohangaron tumanida yiliga 912 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega, qiymati 240 million dollarlik zavodning asosiy binosi qurilishi yakunlandi.

Toshkent viloyatida chiqindilarni elektr energiyasiga qayta ishlaydigan zavod qurilmoqda
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida maishiy qattiq chiqindilarni qayta ishlab, elektr energiyasi hosil qiluvchi korxonaning asosiy korpusi qurilishi yakunlandi. Bundan tashqari, obʼyektda investitsiya loyihasining birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi.
Shu munosabat bilan tantanali marosim «Yangi Hayot» mahallasidagi korxona hududida boʻlib oʻtdi. Unda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov, kompaniya va sohaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan tuman rahbari loyihaning hudud energetikasi, iqtisodiyoti va ekologik infratuzilmasini rivojlantirishdagi ahamiyatini taʼkidladi. Maishiy chiqindilarni qayta ishlash ulardan energiya manbai sifatida foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va atrof-muhitga tushadigan ogʻirlikni kamaytirish imkonini beradi.
Korxona vakillari qurilish borishi, loyiha quvvati, qoʻllanilayotgan texnologiyalar va amalga oshirishning keyingi bosqichlari haqida soʻzlab berishdi.
Loyiha Xitoyning China CAMC Engineering kompaniyasi ishtirokida Oʻzbekiston Prezidentining 2025 yil 24 martdagi PQ-116-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy hajmi 240 million dollarni tashkil etadi. Moliyalashtirish toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan taʼminlanmoqda.
Korxonaning loyihaviy quvvati yiliga 912 ming tonna maishiy qattiq chiqindilarni termik qayta ishlashni nazarda tutadi. Zavod yiliga 390 million kVt·soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Keyingi bosqichlarda texnologik uskunalarni oʻrnatish, montaj ishlari va ishlab chiqarish tizimlarini ishga tushirishga tayyorlash nazarda tutilgan.
Loyiha yakunlangach, korxona hududning chiqindilar bilan ishlash va muqobil energetika infratuzilmasi tarkibiga kirishi kerak.
Shu bilan birga, qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishning koʻrsatilgan hajmlari loyihaviy koʻrsatkichlar hisoblanadi.

