Toshkent viloyatida 613 ta nikotin paketi musodara qilindi
Bojxonachilar Damas avtomobilidagi qandolat mahsulotlari ostiga yashirilgan, qiymati 65 mln soʻmlik 613 ta nikotin paketchalarini aniqlashdi.

Toshkent viloyatida 613 ta nikotin paketi musodara qilindi
Toshkent viloyatida bojxona xodimlari qandolat mahsulotlari qadoqlariga yashirilgan 613 ta nikotin paketini aniqladilar.
Musodara qilingan mahsulotlarning dastlabki qiymati 65 mln soʻmni tashkil etadi. Bu haqda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xabar beradi.
Tezkor tadbir Toshkent tumanida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazildi.
«Navoiy» chegara bojxona posti yaqinida huquqni muhofaza qiluvchi organlar kuzatuvida boʻlgan fuqaro boshqaruvidagi Damas avtomobili toʻxtatildi.
Avtomashina koʻzdan kechirilganda, nikotin paketlari turli qandolat mahsulotlari solingan qadoqlarda, shirinliklar ostiga yashirilgani maʼlum boʻldi.
Jami 613 ta paket topildi. Bojxona organlarining dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, ularning umumiy qiymati 65 mln soʻmni tashkil etadi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda.

