Toshkent va Nukus oʻrtasida tezyurar poyezd yoʻlga qoʻyiladi
2027 yil mart oyidan boshlab Toshkent va Nukus oʻrtasida tezyurar poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yoʻldagi vaqt 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

Toshkent va Nukus oʻrtasida tezyurar poyezd yoʻlga qoʻyiladi
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qildi.
Yigʻilishda respublika tumanlarida aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Xususan, Boʻzatov tumanida zamonaviy sanatoriy ish boshladi, Nukusda onkologiya va radiologiya markazlari ochildi, Qoʻngʻirotda esa bolalar shifoxonasi va tugʻruq majmuasi faoliyat koʻrsata boshladi.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida A-380 avtomagistralining Qoʻngʻirotdan oʻtuvchi 240 km uzunlikdagi qismida beton qoplama yotqizish ishlari toʻliq yakunlandi. Loyiha qiymati 384 million dollarni tashkil etdi.
Kuni kecha Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa va Beruniy tumanlaridan oʻtuvchi yana 92 km yoʻl qurilishi boshlandi. Ushbu loyihaning qiymati — 233 million dollar.
Loyihalar amalga oshirilgach, tranzit oqimi 1,5 baravarga ortishi kutilmoqda. Toʻrtkoʻldan Qozogʻiston chegarasigacha boʻlgan yuklarni yetkazib berish vaqti bir sutkadan 10 soatgacha qisqaradi.
Kelgusi yilning mart oyidan boshlab Toshkent va Nukus oʻrtasida tezyurar poyezd qatnay boshlaydi. Yoʻl vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Bundan tashqari, «Tuyaboʻyin» suv tozalash inshootini rekonstruktsiya qilish va Qoʻngʻirotdan Moʻynoqqacha boʻlgan 100 kilometrlik suv quvuri qurilishini boshlash rejalashtirilgan.
Davlat rahbari Qoraqalpogʻistonda tabiiy resurslar, foydali qazilmalar, quyosh va shamol energiyasining katta zaxiralari, shuningdek, keng yaylovlar mavjudligini taʼkidladi. Shu asosda resurslardan foydalanishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan butun zanjirni qamrab oluvchi yangi sanoat va investitsiya xaritasi shakllantiriladi.
«Qoʻngʻirot – Qoraoʻzak – Taxiatosh» yoʻnalishini «yashil sanoat koridori» va «intellektual iqtisodiyot uchburchagi»ga aylantirish rejalashtirilgan.
Sunʼiy intellekt va maʼlumotlar markazlari sohasidagi loyihalar uchun moʻljallangan maxsus hududda umumiy qiymati 8 milliard dollarlik oltita loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Mutasaddilarga 1 oktyabrga qadar besh yillik dastur ishlab chiqish va investorlarni 1 GVt quvvatli barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash topshirildi.
Uch yil davomida Nukus, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Taxiatoshda 1,5 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish, bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi yillik eksport hajmini 600 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

