Toshkent va Namanganda ikkita tovlamachilik holatiga chek qoʻyildi. Video

Toshkent va Namanganda ikkita tovlamachilik holatiga chek qoʻyildi. Video
Toshkent va Namanganda firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanib, uch kishi qoʻlga olindi. Ulardan biri pul evaziga fuqaroni ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni vaʼda qilgan, qolgan ikki nafari esa noturar joy binosi egasidan elektr hisoblagichdagi nosozlik boʻyicha dalolatnoma tuzmaslik uchun pul talab qilgan.
Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Birinchi epizod poytaxtda aniqlandi. Departamentning Mirobod tumani boʻlimi xodimlari Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan hamkorlikda boshqa bir shaxsning qarindoshini 4 ming dollar evaziga ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni vaʼda qilgan erkakka nisbatan tezkor tadbir oʻtkazdi. U kelishilgan summaning yarmi — 2 ming dollarni olayotganda qoʻlga olindi.
Ikkinchi holat Namanganda sodir boʻlgan boʻlib, energetiklar faoliyati bilan bogʻliq. Departament maʼlumotlariga koʻra, "Hududiy elektr tarmoqlari" aktsiyadorlik jamiyati "Energosotuv" filiali Yanginamangan tumani boʻlimi boshligʻi va ustasi "Goʻzal" mahallasida joylashgan noturar joy binosi egasiga u yerda oʻrnatilgan elektr hisoblagich goʻyoki nosoz ekanini aytishgan.
Tergov talqiniga koʻra, xodimlar ushbu qoidabuzarlik uchun dalolatnoma tuzilishi va 300 million soʻm miqdorida jarima solinishi haqida ogohlantirgan. Buning evaziga ular 4 ming dollar evaziga hujjatni rasmiylashtirmaslikni taklif qilishgan. Erkaklar bino egasidan 2,5 ming dollar olayotgan vaqtda qoʻlga olindi.
Ikkala holat boʻyicha ham jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

