Toshkent uzra bir necha kun laboratoriya samolyoti uchadi

Toshkent osmonida bir necha kun davomida laboratoriya samolyoti uchadi.
20-avgustdan boshlab Toshkent shahri uzra "Avion laboratoriya" havo kemasi yordamida muntazam parvoz tekshiruvlari o‘tkaziladi.
"O‘zaeronavigatsiya" markazining ma’lumotiga ko‘ra, bu navbatdagi rejali tekshiruv bo‘lib, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining amaldagi me’yoriy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Tekshiruvdan maqsad radiotexnik vositalarning belgilangan talablarga mosligini hamda havo kemalarining xavfsiz va muntazam parvozini ta’minlashdir. Bu ishlar "Avia Navigatsiya" kompaniyasining Diamond laboratoriya havo kemasi yordamida bajariladi.
Ushbu rejali parvozlar bir necha kun davom etadi. Tekshiruv jarayonida samolyotlar poytaxt uzra taxminan 1000 metr balandlikda turli yo‘nalish va manyovrlarda 6 soatgacha parvoz qilishi mumkin. Ular bir hudud ustidan bir necha bor uchib o‘tishi va odatdagidan farqli manyovrlarni amalga oshirishi mumkin.
Markaz xabarida aytilishicha, "bu parvozlar rejali tekshiruv jarayonining bir qismi bo‘lib, xavotirlanish uchun hech qanday asos yo‘q".
O‘zbekistonda aprel oyida maxsus vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan "Avion" aviakompaniyasi tashkil etilgan edi. U "O‘zaeronavigatsiya" markazi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aerodromlarning radiotexnika vositalari va yorug‘lik-signal uskunalarini tekshirish hamda kalibrovka qilishga ixtisoslashgan.
O‘sha oyda Diamond laboratoriya havo kemasi yordamida Farg‘ona aerodromida ilk bor radiotexnika vositalari tekshirilgan edi.

