Mahalliy

Toshkent yaqinida samolyot qulashi bo‘yicha simulyatsion mashg‘ulotlar o‘tkazildi

Mashg‘ulot rejasiga ko‘ra, Istanbuldan kelayotgan samolyot Toshkentga qo‘nishga yaqin qolganda dispetcherlar bilan aloqani yo‘qotadi – havo kemasi aviafalokatga uchraydi. Samolyotni qidirib topish va qutqaruv ishlarini olib borishga qaratilgan keng ko‘lamli simulyatsion mashg‘ulotda oltita tuzilmaning 250 ga yaqin xodimi ishtirok etdi.

Toshkent yaqinida samolyot qulashi bo‘yicha simulyatsion mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

7-avgust kuni Toshkent xalqaro aeroporti tashabbusi bilan Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida parvozlarning qidiruv-qutqaruv faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan idoralararo keng ko‘lamli o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda aeroport matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, Istanbul–Toshkent yo‘nalishida uchayotgan yo‘lovchi samolyoti qo‘nishga yaqinlashganda havo dispetcheri va ekipaj o‘rtasidagi aloqa uzilib qoladi. Natijada havo kemasi Toshkent shahriga yetmasdan aviahalokatga uchraydi.

Ushbu samolyotni topish va qutqaruv ishlarini boshlash maqsadida, dispetcherlar favqulodda vaziyat haqidagi ma’lumotlarni zudlik bilan aeroportning yerdagi qidiruv-qutqaruv guruhiga yetkazadi va boshqa hamkor xizmatlarga xabar beradi. Shundan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari boshlanadi.

Simulyatsion favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 ga yaqin mutaxassis va idoralararo tuzilmalarning 25 ta maxsus texnikasi jalb etildi. Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Toshkent xalqaro aeroporti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mashg‘ulotlar doirasida qutqaruvchilar o‘z guruhlarining tayyorgarligini, yong‘inni o‘chirish jarayonida muvofiqlashtirishni, odamlarni evakuatsiya qilishni, jabrlanganlarni jarohatining og‘ir-yengilligiga qarab taqsimlashni, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va jarohatlanganlarni tibbiyot muassasalariga yetkazishni, shuningdek, samolyot bortidagi xavfli yukni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirdi.

Qayd etilishicha, “Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ aeroport hududidagi mashg‘ulotlardan tashqari, yiliga bir necha bor aeroportlar tashqarisida ham bunday kompleks o‘quv tadbirlarini o‘tkazadi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – aviahalokat sodir bo‘lgan taqdirda qator vazirlik va idoralar, Toshkent aeroportining bo‘linmalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda harakatlanishni ta’minlash, aviahalokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish hamda xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishdan iborat.

O‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti bo‘yicha bo‘lim va idoralar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Toshkent aeroporti hamda tegishli idoralarning kuch va vositalari tayyorgarligi yuqori baholanib, favqulodda holat sodir bo‘lgan taqdirda tezkor choralar ko‘rishga to‘liq tayyor ekani e’tirof etildi.