Toshkent hokimligi «Salar» tozalash inshootlaridan kelayotgan noxush hid bartaraf etilganini maʼlum qildi
Toshkentdagi «Salar» oqova suv tozalash inshootida 9,5 milliard soʻmlik havoni filtrlash tizimi oʻrnatildi. Poytaxt hokimligi oqova suv havzalari germetizatsiya qilinganini, tozalangan havodagi vodorod sulfid va ammiak kontsentratsiyasi esa endi nolga teng ekanini maʼlum qildi. Uskuna ikki haftadan ortiq vaqtdan beri ishlamoqda.

Toshkent shahar hokimligi «Salar» oqova suv tozalash inshootidan taralayotgan noxush hid bartaraf etilganini maʼlum qildi
«Salar» oqova suv tozalash inshootida noxush hidni yoʻqotish uchun qiymati 9,5 mlrd soʻmlik filtrlash uskunalari oʻrnatildi, deb xabar berdi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Poytaxt maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, oqova suv havzalari germetik yopilgan, havo esa filtrlar orqali tozalanmoqda.
«Uskunalar ishlayotganiga 15 kundan oshdi. Natijada inshoot atrofidagi noxush hid yoʻqoldi. Buni yaqin atrofdagi hududlar aholisi ham tasdiqlamoqda», — deyiladi Toshkent shahar hokimligi xabarida.
«Toshkent shahar suv taʼminoti» bosh texnologi Dunanbay Kazibekov hokimlik videosida maʼlum qilishicha, ikkinchi navbatdagi tozalash inshootiga Sergeli, Yangihayot, Mirobod va Yashnobod tumanlaridan oqova suvlar kelib tushadi. Tozalash uskunalari Rossiyadan olib kelingan.
Xodim, shuningdek, tozalash tizimining ishlash printsipini tushuntirib berdi.
«Ventilyator yordamida havo tortib olinadi. U yerda 11,5 tonna miqdorida katalitik sorbent deb ataladigan material oʻrnatilgan. Ultrabinafsha nurlanish havoni ozonlash va oksidlash imkonini beradi. Shundan soʻng u 2,5 tonna miqdoridagi faollashtirilgan koʻmirdan oʻtadi va chiqayotgan vodorod sulfid kontsentratsiyasi nol, ammiak ham nol foizni tashkil etadi», — deya tushuntirdi Dunanbay Kazibekov.
Eslatib oʻtamiz, prezident Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi tozalash inshootidan taralayotgan noxush hidni 1 sentyabrga qadar bartaraf etish boʻyicha topshiriq bergan edi.
2021 yil may oyida «Gazeta» nashri «Toshkent shahar suv taʼminoti» korxonasiga tayanib, Sergeli tumanining «Oʻzgarish» mahallasida tarqalayotgan noxush hidning asosiy sababi korxonalar tomonidan oqova suvlar va chiqindilarning aeratsiya stantsiyasi hamda Boʻzsuv kanaliga oqizilayotgani ekani haqida yozgan edi.
Keyinchalik Senat qoʻmitasi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilayotgani, unda korxonalarning mahalliy oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruktsiya qilish, shuningdek, beshta koʻnchilik zavodini Toshkent tashqarisiga koʻchirish rejalashtirilganini maʼlum qilgandi.
Eslatib oʻtamiz, BAAning Abu Dhabi Sewerage Services Company (ADSSC) kompaniyasi 2024 yil yanvar oyida Toshkent uchun yangi oqova suv tozalash stantsiyasi qurilishini boshlashni rejalashtirgan edi.
2024 yil avgust oyida Toshkent viloyatida kuniga 1 million kub metr oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tozalash inshooti qurilishi xabar qilingandi. 500 mingdan ortiq shahar aholisi va 100 ta korxona markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimiga ulanishi kerak. Loyiha BAA, Frantsiya va Yaponiya kompaniyalari konsortsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.

