Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurdi
Prezident matbuot xizmatining 4 sentyabrda xabar berishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga (CCA Tashkent) tashrif buyurib, uning sharoitlari bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurdi.
Markaz meʼmor Vilgelm Geyntselman loyihasi boʻyicha 1912 yilda qurilgan binoda joylashgan. U dastlab tramvay deposi sifatida barpo etilgan, keyinchalik esa dizel elektr stantsiyasi boʻlib xizmat qilgan.
Restavratsiya rejasi Frantsiyaning «Studio KO» firmasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, u binoni zamonaviy madaniy maskanga aylantirish bilan birga, uning tarixiy qiyofasi va industrial muhitini saqlab qolgan.
Xabarlarga koʻra, Toshkent zamonaviy sanʼat markazida koʻrgazmalar, maʼruzalar, jamoatchilik muhokamalari, kinonamoyishlar, kontsertlar, performanslar, vorkshoplar va art-rezidentsiyalar tashkil etiladi hamda u oʻzbekistonlik rassomlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Markaz oʻz faoliyatini taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, ushbu koʻrgazma uchun maxsus yaratilgan ishlarni oʻz ichiga olgan «Hikmat» nomli ilk xalqaro koʻrgazma bilan boshlaydi. Shuningdek, unda Nyu-Yorkdagi Solomon Guggenxaym muzeyining Oʻzbekistonda ilk bor namoyish etiladigan installyatsiyasi ham oʻrin oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev markaz yosh ijodkorlar, mutaxassislar va keng jamoatchilik uchun ochiq boʻlishi kerakligini taʼkidlab, xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda mahalliy rassomlarning yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.
Markazning rasmiy ochilishi 6 sentyabrga belgilangan.

