Toshkent aeroportida 310 mln so‘mlik 20 ta iPhone’ni noqonuniy olib kirishga urinish fosh etildi
Ayrim yo‘lovchilar bojxona deklaratsiyasida olib kirilayotgan smartfonlarning haqiqiy IMEI kodlari o‘rniga boshqa qurilmalarga tegishli kodlarni ko‘rsatgan.

Toshkent aeroportida 310 mln so‘mlik 20 ta iPhone’ni noqonuniy olib kirishga urinish aniqlandi
Toshkent xalqaro aeroportida qiymati qariyb 310 mln so‘m bo‘lgan 20 ta iPhone smartfonini noqonuniy olib kirishga urinish fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida ayrim yo‘lovchilar xorijdan olib kelayotgan mobil qurilmalarining haqiqiy IMEI-kodlari o‘rniga avval noqonuniy olib kirilgan boshqa qurilmalarning kodlarini deklaratsiyada ko‘rsatgani aniqlandi.
Bunda smartfonlarning dasturiy ta’minotini qayta yuklash orqali ularga boshqa mobil qurilmalarga tegishli IMEI-kodlar o‘rnatilgan.
Shu sabab telefon sozlamalarida bir IMEI-kod, USSD-so‘rov orqali tekshirilganda esa boshqa kod ko‘ringan.
Deklaratsiyada qurilmalarning IMEI-kodlari ham ko‘rsatilishi shart.
Hozirda aniqlangan holatlar bo‘yicha bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.
Avvalroq Toshkent aeroportida 227 mln so‘mlik iPhone’larni yashirincha olib kirishga uringan shaxslar aniqlangani haqida xabar berilgandi.

