Mahalliy

Toshkentda bojxona inspektori $3 ming pora olganlikda gumonlanib ushlandi

Toshkentdagi 'Keles' chegara bojxona posti inspektori 3 ming dollar pora olganlikda gumonlanib ushlandi. U noqonuniy olib kirilgan 10 dona iPhone`ni begona pasportlarga rasmiylashtirib, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazib berishni va’da qilgan.

Toshkentda bojxona inspektori 3 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

“Keles” temiryo‘l chegara bojxona posti inspektori O.S. fuqaro A.Z. tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 10 dona iPhone telefonini boshqa shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda rasmiylashtirib berishga uringan.

Buning evaziga u ushbu qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazib berishni va’da qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida O.S. 3000 dollar miqdoridagi porani olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.