To‘qqiz oy vazir ustamasi oladigan o‘qituvchilar ro‘yxati e’lon qilindi

Vazir ustamasi beriladigan 1696 nafar o‘qituvchi ro‘yxati e’lon qilindi
O‘zbekistonda joriy yilda 1696 nafar malakali pedagogga 9 oy davomida vazir ustamasi berilishi ma’lum qilindi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Tanlov g‘oliblari quyidagicha taqsimlandi:
* Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan — 1400 nafar;
* Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalaridan — 98 nafar;
* Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan — 198 nafar.
G‘oliblarga 2026-yil sentyabr oyidan 2027-yil may oyiga qadar, jami 9 oy davomida quyidagi miqdorda ustama to‘lanadi:
* Umumta’lim tashkilotlari pedagoglariga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 5,5 baravari (7 million 480 ming so‘m);
* Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 2 baravari (2 million 992 ming so‘m).
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamg‘armasi hisobidan pedagoglarga beriladigan har oylik ustama 2022-yilda joriy etilgan. 2026-yilda vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni 1900 nafar etib belgilangandi. Kvotalar Maktabgacha ta’lim, Boshlang‘ich ta’lim, Filologiya fanlari, Ijtimoiy fanlar, Aniq fanlar, Tabiiy va iqtisodiy fanlar, Amaliy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida taqsimlangan.
O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘mni tashkil etishi belgilangan.

