Toqayev Kaspiydagi fojiadan keyin Bosh shtab boshligʻi va Harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondonini lavozimidan boʻshatdi

Toqayev Kaspiydagi fojiadan keyin Bosh shtab boshligʻi va Harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondonini lavozimidan boʻshatdi
Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Mudofaa vazirligida kadrlar almashinuvini davom ettirmoqda. Bu safar bir yoʻla uch nafar yuqori martabali harbiy — Bosh shtab boshligʻi Qanish Aubakirov, mudofaa vaziri oʻrinbosari Almaz Jumakeyev va Harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondoni Qanat Niyazbekov oʻz lavozimlaridan mahrum boʻldi.
Aubakirov Bosh shtabni shu yilning yanvar oyida boshqargan, Jumakeyev bahorda vazir oʻrinbosari etib tayinlangan, Niyazbekov esa 2025 yilning avgustidan buyon HDKga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Ularning barchasi oʻz lavozimlarida bir yildan kamroq vaqt ishladi.
Yangi isteʼfolar Kaspiy dengizida harbiy mashgʻulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok boʻlgan fojiadan keyin Qozogʻiston Mudofaa vazirligidagi kadrlar oʻzgarishining davomi boʻldi.
Prezident armiya rahbariyati askarlarning intizomi va xavfsizligi uchun bevosita javobgar ekanini taʼkidladi.
Oʻtgan haftada Toqayev mudofaa vazirini lavozimidan ozod qilgan va Qurolli Kuchlarni isloh qilish boʻyicha topshiriq bergan edi. Prezident bundan avval ham armiyada intizom va xavfsizlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidlab, harbiy tuzilmalar rahbariyati zimmasiga harbiy xizmatchilarning hayoti va sogʻligʻi uchun javobgarlikni yuklagan edi.

