“Tolibon” yangi qonun bilan Afg‘onistonda barcha turdagi namoyishlarni taqiqladi

“Tolibon” harakati Afg‘onistonda barcha turdagi namoyishlarni taqiqlovchi yangi qonunni joriy qildi. Bu qonun politsiyaning gumonlanuvchilar va hibsga olinganlarga nisbatan vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Bu haqda The Kabul Tribune Afg‘oniston Adliya vazirligi e’lon qilgan hujjatga tayanib xabar berdi.
**Yangi “Politsiya qonuni”**
“Shurta” deb nomlangan politsiya kuchlarining faoliyati va mas’uliyatini belgilovchi ushbu hujjat “Tolibon”ning oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda tomonidan tasdiqlangan. Qonun politsiyaga hibsga olish va xavfsizlik operatsiyalarini o‘tkazishda keng huquqlar beradi, shu bilan birga fuqarolar va politsiyachilarning o‘zlari uchun ham bir qator cheklovlar joriy etadi.
**Ommaviy namoyishlar taqiqlandi**
Hujjatning 50-moddasiga ko‘ra, Afg‘oniston hududida har qanday namoyishlar o‘tkazish qat’iyan man etiladi. Shuningdek, 14-modda jazolash jarayonlarini tasvirga olishni, ya’ni odamlarga tayinlangan jazolarning bajarilishini foto yoki videoga olishni taqiqlaydi.
**Hibsda ushlab turish muddati uzaytirildi**
Qonunning 27-moddasi shaxslarni hibsda ushlab turishning eng uzoq muddatini 3 kundan 10 kungacha uzaytirdi. 41-modda politsiyaga gumonlanuvchilar bilan ishlashda qo‘shimcha huquqlar beradi. Xavfsizlik xodimlari gumonlanuvchilarni diniy majburiyatlar va boshqalarning huquqlarini buzmaslik haqida ogohlantirishi, ularga nisbatan intizomiy choralar qo‘llashi hamda qat’iy tildan foydalanishi mumkin. Politsiya gumonlanuvchilarni tavba qilishga majbur qilishi va og‘ir jinoyatlarda gumon qilinganlarni o‘lim bilan qo‘rqitishi mumkin. Og‘ir jinoyatlarni takroran sodir etgan shaxslar politsiya tomonidan jazolanishi belgilangan.
**Hibsga olish va muomala qilish qoidalari**
Qonun politsiyadan gumonlanuvchilarni, ayniqsa ayollar va bolalarni hibsga olishda islomiy qoidalarga amal qilishni talab qiladi. Hibsga olish paytida gumonlanuvchilarga jismoniy zarar yetkazish taqiqlanadi. Diniy sud qarorisiz politsiya gumonlanuvchilarni yoki mahbuslarni tayoq, qamchi va kabellar bilan urishi yoki qiynashi mumkin emas. Oddiy va siyosiy mahbuslarni qiynoqqa solish man etiladi.
**Politsiyaning keng xavfsizlik mas’uliyatlari**
Politsiya zimmasiga xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash, fuqaro aviatsiyasi aeroportlarini va ularning obyektlarini qo‘riqlash, noqonuniy qurollarning oldini olish hamda davlat mulkini himoya qilish mas’uliyati yuklatildi. Politsiya tarkibiga yong‘in o‘chirish, avariyalarning oldini olish, yo‘l harakatini nazorat qilish va jamoat tartibini saqlash bo‘linmalari kiradi. Yo‘l harakati politsiyasi transport vositalari harakatini tartibga soladi, haydovchilik guvohnomalari va texpasportlar beradi, davlat raqamlarini tarqatadi hamda yo‘l-transport hodisalarini tekshiradi. Shuningdek, politsiya Afg‘oniston chegaralaridan kirayotgan va chiqayotgan odamlar, transport vositalari hamda yuklarni nazorat qiladi.
**Giyohvandlik va odam o‘g‘irlashga qarshi kurash**
Yangi qonun politsiyaga giyohvand moddalarni yetishtirish, ishlab chiqarish, kontrabanda qilish, sotish va iste’mol qilishning oldini olish mas’uliyatini beradi. Politsiyaga ko‘knori, nasha va boshqa giyohvand o‘simliklar ekilishini taqiqlash, narkokuryerlar va sotuvchilarni ushlash hamda musodara qilingan moddalarni yo‘q qilish majburiyati yuklatilgan. Politsiya odam o‘g‘irlash va odam savdosining oldini oladi, jinoyatchilarni quvlaydi va ushlaydi. Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolgan shaxslar esa davolash markazlariga yuboriladi.
**Viza va pasport berish huquqi**
Hujjatga ko‘ra, politsiya Afg‘onistonga kirmoqchi bo‘lgan ajnabiy fuqarolarga vizalar berish uchun mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, ular Afg‘oniston fuqarolariga xorijga chiqish pasportlarini tarqatadi. Politsiya chorrahalarda va yo‘llarda fotosuratlar hamda tasvirlar ilinishining oldini olish uchun “Tolibon”ning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarga qarshi kurash vazirligi bilan hamkorlik qiladi.
**Qurol qo‘llash qoidalari**
37-modda politsiyaga muayyan xavfsizlik vaziyatlarida qurol va portlovchi moddalarni qo‘llashga ruxsat beradi. Politsiya isyonlar, xavfsizlikka qarshi qurolli jinoyatlar hamda qurolli to‘qnashuvlar paytida quroldan foydalanishi mumkin. Bu norma politsiyaga milliy xavfsizlikka tahdid deb baholangan vaziyatlarda kuch ishlatish huquqini beradi.
**Politsiyachilar xulq-atvoriga qo‘yilgan cheklovlar**
Qonun politsiya xodimlarining o‘zlari uchun ham qoidalar belgilagan. Politsiyachilarga sovg‘alar olish va “g‘ayrioddiy” ziyofatlarda qatnashish taqiqlanadi. Shuningdek, xodimlarning OAVda salbiy yoki tanqidiy fikrlar bildirishi cheklangan. Bundan tashqari, politsiyachilarga sunnatga zid ravishda sochni uzun o‘stirish man etiladi.
Avvalroq “Tolibon” Mozori Sharif aholisini o‘z bayrog‘ini sotib olishga va uni ilishga majburlayotgani haqida xabar berilgandi.

